O‘zbekistonda yil boshidan beri salkam 1964 kishi yo‘l transport hodisalari qurboni bo‘ldi. Yana 6886 kishi jarohatlandi. Bu qanchalik fojiali raqamlar ekanini tushunish uchun bitta raqamga e’tiboringizni qaratamiz: O‘zbekistonda YTHlarning o‘lim bilan tugash ehtimoli Qozog‘istondagiga qaraganda 67 foizga, AQShdagiga qaraganda 620 foizga ko‘proq.
Biroq afsuski, bir tomondan minglab odamlar qoidabuzarlarni videoga olib jo‘natishni “kozyollik” deb hisoblasa, ikkinchi tomondan davlat ham bu o‘limlarning oldini olishga shoshilmayapti.
Masalan, yo‘l harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholashni olsak. Bu tizimga o‘tilishi haqida bundan ikki yarim yil oldin qaror loyihasi chiqqan edi. O‘shanda 2020 yil 1 yanvardan boshlab yangi tizimga o‘tilishi rejalashtirilgandi. Va bu rejaligicha qolib ketdi.
Shu hafta esa ana o‘sha loyiha biroz o‘zgartirilgan holda qaytadan muhokamaga qo‘yildi. Loyihada 2023 yil deb muddat qo‘yilgan. Demak, qoidabuzar haydovchilarni tiyadigan tizim ishga tushguncha yo‘llarda yana kamida 2 mingta odam o‘ladi.
Bu o‘zi qanaqa tizim deyotgan bo‘lsangiz kerak.
Esingizdami, Olmaliq shahri hokimining o‘g‘li Tracker mashinasini Toshkentda 150 km/soat tezlikda haydab, buni TikTok'ga joylagandi. O‘shandan keyin u ikki yil ichida naq 16 marta qoida buzgani ma’lum bo‘lgan edi.
Toshkentda kuppa-kunduzi 150 km/soatda haydash, 2 yil ichida 16 marta qoida buzish... Bundaylar jarimani to‘lab qo‘yib, hech narsa bo‘lmagandek yana rulga o‘tiraverishi mumkin.
Biz yuqorida nega kechikyapti degan tizim aynan shunday potensial qotillarga qarshi ishlaydi.
Ya’ni, tizim ishga tushsa, har bir haydovchiga 1 yil uchun 12 jarima balli limit beriladi. Har bir qoidabuzarlikka og‘irligiga qarab ball belgilab chiqiladi. Masalan, svetoforning qizil chirog‘idan o‘tib ketish 3 ball va hokazo. Haydovchining jarima ballari 1 yil ichida 12 ballga yetsa, u yil oxirigacha haydovchilik huquqidan mahrum etiladi.







