25 noyabr tongida Rossiyaning Kemerovo oblasti Belovo shahridagi «Listvyajnaya» ko‘mir konida yong‘in ro‘y berdi. Rostexnadzorda ma'lum qilishlaricha, mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 9da (Moskva bo‘yicha soat 5) shaxtada portlash va ishchilar zaharlanishi ro‘y bergani bo‘yicha signal kelib tushgan. TASS agentligining shoshilinch xizmatlardagi manbasi ma'lum qilishicha, ventilyatsiya shtrekida (yer yuziga bevosita chiqmaydigan qilib gorizontal kovlangan joy) ko‘mir changi alangalanishi yuz bergan. Uning oqibatida hosil bo‘lgan tutun ventilyatsiya tizimi orqali butun kon bo‘ylab tarqalgan. «Portlash kuzatilmagan, shaxtada o‘pirilish holati yo‘q», degan manba. FVVda esa faqat 250 metr chuqurlikda bo‘g‘ilish hodisasi ro‘y berganini aytishgan.

Shaxtada jami 285 kishi bo‘lgan, ularning ko‘pchiligi darhol yuqoriga ko‘tarilgan. Tashqariga chiqishga ulgurganlarning 60 nafarida zaharlanish qayd etilgan, shundan 38 kishi shifoxonaga yotqizilgan. Kon faoliyati to‘xtatilgan.

Juma tongida «Listvyajnaya»da bir kishi omon qolgani ma'lum bo‘ldi. «Ular [qutqaruvchilar] uning oldiga yetib borishdi, uning hushi o‘zida edi, shaxta bo‘ylab mustaqil harakatlandi. Unga yuqoriga ko‘tarilishda yordam ko‘rsatildi. Bu chindan ham, hayratlanarli voqea», - dedi Kemerovo oblasti gubernatori Sergey Tsivilev.

Ichkaridan omon chiqqan qutqaruvchi guruh a'zosi Aleksandr Zakovryashin bo‘lib chiqdi, u bir kun oldingi qutqaruv amaliyoti vaqtida yo‘qolib qolgandi. Zakovryashin - tibbiyot xodimi bo‘lib, shaxtada u jabrlanuvchilarga birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatgan. Shifoxonadagilarning aytishicha, unda sovqotish, yong‘in oqibatlaridan zaharlanish va suvsizlanish qayd etilgan.

Qurbonlar va jabrlanuvchilar
Kemerovo oblasti gubernatori Sergey Tsivilevning telegram kanalida xabar qilinishicha, qurbonlarning jami soni 52 nafarni tashkil etmoqda. Shundan 46 nafari hodisa ro‘y bergan vaqtda yuqoriga chiqishga ulgurmagan shaxtyorlar, qolgani esa ularni qidirib tushgan qutqaruvchilar guruhi vakillaridir. Bu ma'lumotni FVV bosh boshqarmasi va kemerovolik qutqaruvchilar otryadi komandiri tasdiqladi.

25 noyabr kuni berilgan ma'lumotlarda, qutqaruv amaliyoti jarayonida ikki guruh yo‘qolib qolgani aytilgandi. Rasmiylar avvaliga uch qutqaruvchining, keyinroq yana uch nafarining o‘limini tasdiqladi.

Payshanba oqshomida OAV favqulodda xizmatlardagi manbalariga tayangan holda avariya oqibatida 52 kishi, jumladan qutqaruvchilar halok bo‘lgani haqida xabarlar tarqatishni boshlagandi. Bu haqda Belovo shahar okrugi ma'muriyati vakili ham ma'lum qildi. «Ichkaridagilar is gazidan bo‘g‘ilib jon bergan», degan u «Interfaks» muxbiriga.