Italiyada «Napoli» va «Milan»ning peshqadamligi vaqtinchalikmidi? «Vest Hem»ning yurishi to‘xtadimi? «Yunayted»ning muammolari faqat Sulsherga bog‘liqmi? Ispaniyada eng yaxshi jamoa qaysi? «Barselona» qachon gol uradi? Bu haftani qaysidir ma'noda javoblar haftasi deb atash mumkin. Avvalgi turlardan yig‘ilib qolgan savollar va avvalroq sodir bo‘lgan natijalarning qay darajada asosli bo‘lganini aynan mana shu dam olish kunlaridagi o‘yinlar ochiqlab beradi.

A Seriya. 14-tur

27 noyabr (shanba)

YuVeNTUS – ATALANTA

O‘yin boshlanish vaqti: 22:00

TV-translatsiya: Sport

O‘tgan turda ham «Napoli», ham «Milan»ning mag‘lubiyati ligada intrigani oshirib yubordi va ta'qibchilarga umid berdi. «Yuventus»ni hali chempionlar poygasidan uzoq deb hisoblasak-da, jamoa salohiyati A Seriyada uzoq g‘alabali seriyani amalga oshirishga yetadi. Bunday seriya esa har qanday jamoani peshqadamlar qatoriga qo‘sha oladi.

Har ikki jamoa Chempionlar Ligasining navbatdagi turida omadsiz natija qayd etgani ham bu o‘yinning darajasini oshiradi. «Yuventus» muddatidan avval pley-offga chiqqan bo‘lsa-da, Londondagi yirik mag‘lubiyat og‘ir bo‘ldi va endi turinliklar guruhda 1-o‘rinni ololmay qolishlari mumkin. «Atalanta» esa «Yang Boyz» bilan durang o‘ynab qo‘ydi va endi keyingi bosqich uchun so‘nggi turda «Vilyarreal»ni yengishlari shart.

«Yuventus» bu o‘yinda g‘alaba qozonsa, «Atalanta»ga, ya'ni kuchli to‘rtlikka 1 ochko masofada yaqinlashadi. «Atalanta» esa A Seriyadagi mag‘lubiyatsiz seriyasini 7 o‘yingacha oshirishi va peshqadamlarni ta'qib etishda davom etishdan umidvor. Bergamoliklar keyingi safar o‘yinlarini «Napoli» va «Verona»ga qarshi o‘tkazishlarini e'tiborga olsak, imkon qadar mag‘lubiyatga uchramasligi kerak. «Yuventus» bu tomondan juda yaxshi holatda, agar Allegri shogirdlari bugun g‘alaba qozonishsa, keyingi 5 tur juda oson raqiblar bilan o‘tadi – «Salernitana», «Venetsiya», «Bolonya», «Kalyari» va «Jyenoa». Demak, «Yuventus» yetakchilarga yaqinlashib olishi uchun qulay davr boshlanmoqda.

«Atalanta» anchadan buyon Italiyada jiddiy kuchga aylangan bo‘lsa-da, aynan «Yuventus» bilan o‘yinlarda u qadar ishonchli emasligini ta'kidlash kerak. Oxirgi o‘n yilda A Seriya doirasidagi faqat bir marotaba o‘z maydonida g‘alaba qozongan xolos. Turindagi o‘yinlarda esa vaziyat yanada og‘ir, bir necha duranglar qayd etilgan bo‘lsa-da, mehmonlarning oxirgi g‘alabasi 1989 yilga to‘g‘ri keladi.