1.  Bizon

Foto: Szczepan Klejbuk / Shutterstock

XX asr boshida bizonning barcha yovvoyi podalari yo‘q bo‘lib ketdi. Ushbu jonivorlar esa faqat qo‘riqxona va hayvonot bog‘laridagina qoldi: 1927 yilda dunyoda 52ta bizon bor edi xolos. Ular sonining bu darajada qo‘rqinchli qisqarishiga nazoratsiz ov hamda ularning tabiiy yashash makoni bo‘lgan o‘rmonlarning kesib yuborilishi sabab bo‘ldi. Rossiyada ularning sonini tiklash uchun 1940-1950 yillarda ikkita pitomnik: Prioks-Terras va Oks qo‘riqxonalariga asos solindi. U yerda jonivorlar parvarishlanib, keyin yovvoyi tabiatga ko‘chiriladi. 2020 yilga kelib, Xalqaro bizon podasi kitobi ma'lumotlariga ko‘ra, Rossiyada bizonlar soni 1 588taga, dunyoda esa 8 461tagacha ko‘paydi.

2. Arxarlar

Foto:  Dustin Lawtey / Shutterstock

Ilgari ushbu yovvoyi tog‘ qo‘ylari Oltoy etaklari va Zabaykale tog‘larida zich yashardi. Biroq hozir Rossiyada bor-yo‘g‘i 1 300ga yaqin arxar qolgan. Ularning soni ovchilik sanoati tufayli kamaydi: brakonerlar ularni katta qayrilgan shoxi va go‘shti uchun o‘ldirib yubordi. Kuboklarni qo‘lga kiritish yo‘lida ularni hatto sovet davrida paydo bo‘lgan rasmiy taqiq ham to‘xtatib qolmadi. 1970 yildan beri arxarlar soni yetti marta qisqardi. Qo‘ylarning sonini barqarorlashtirishda ular yashaydigan joylarni alohida qo‘riqlanadigan tabiiy hududga aylantirish va Oltoy aholisining yordami qo‘l keldi: mahalliy aholi uchun tog‘ qo‘yi muqaddas sanaladi.

 

3.  Dzeren (mo‘g‘ul antilopasi)

Foto:  Udo Kieslich / Shutterstock

Hozirda Rossiya hududida 13,5 mingga yaqin dzeren yashaydi, biroq har doim ham bunday bo‘lmagan. XX asr o‘rtalariga kelib, ushbu tur mamlakatda butunlay yo‘qolib ketdi va Mo‘g‘ulistondagina qoldi. Bunga bir necha omillar sabab bo‘ldi: dashtlarning haydalishi va mashina hamda mototsikllarning paydo bo‘lishi bilan antilopalarni ovlash osonlashdi, shu bilan birga ayrim vaqtlarda ular g‘ildiraklar ostida nobud bo‘ldi. Oziq-ovqat uchun Jahon urushi vaqtida ko‘plab dzerenlar qirib tashlandi. Rossiyaga ularni qaytarishda Daur qo‘riqxonasiga asos solinishi hamda rus-mo‘g‘ul hamkorligining yo‘lga qo‘yilishi yordam berdi: hozirda antilopalar davlatlar chegarasini bemalol kesib o‘tishi mumkin.