O‘zbekiston | 13:24 / 29.11.2021
12983
2 daqiqa o‘qiladi

«Talabaga madad»: talabalarga umuman kontrakt pullarini to‘lab bermagan hokimliklar ma'lum qilindi

«Talabaga madad» loyihasi doirasida 6ta hokimlik birorta ham talabaga kontrakt pullarini to‘lab bermagani ma'lum bo‘ldi.

Foto: Shutterstock

Yoshlar ishlari agentligining Kun.uz’ga taqdim etgan ma'lumotlaridan, «Talabaga madad» loyihasi doirasida talabalarga kontrakt pullarini to‘lab bermagan hokimliklar ham borligi ayon bo‘ldi. Ko‘rsatkichlar 15 noyabr holatiga ko‘ra berilmoqda.

1. Bo‘zatov tumani (Qoraqalpog‘iston Respublikasi);

2. Qonliko‘l tumani (Qoraqalpog‘iston Respublikasi);

3. Kogon tumani (Buxoro viloyati);

4. Qorako‘l tumani (Buxoro viloyati);

5. Jomboy tumani (Samarqand viloyati);

6. Furqat tumani (Farg‘ona viloyati).

Kun.uz manbasiga ko‘ra, ushbu hokimliklar agentlik rahbariyati boshchiligida o‘tkazilgan onlayn yig‘ilishda qattiq ogohlantirish olgan. «Ayrim hokimlar mahalliy budjetda mablag‘ yo‘qligini aytib, bahona qiladi. Ular shunchaki VMning 250-sonli qarorini bajarmagan. Puli yo‘qlar ham bor, ammo pul yo‘qligini viloyatga aytsa, o‘sha tumanga pul berilishi ko‘zda tutilgan», — deydi manba.

Avvalroq, agentlik loyiha doirasidagi eng faol hokimliklar ro‘yxatini e'lon qilgandi. Unga ko‘ra Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani hokimligi talabalarga eng ko‘p moddiy ko‘mak ko‘rsatgan (242 nafar talabaga 662,7 mln so‘m). Eng ko‘p kontrakt miqdorini Navoiy shahri hokimligi to‘lagan (176 nafar talabaga 807,2 mln so‘m).

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz kontrakt pulini to‘lashda «Talabaga madad» loyihasi kim uchun va ariza tartibi borasida batafsil yozgandi.

Mavzuga oid