Qorabog‘londa jami 250 ta xonadon bor. Ularga 70-yillarda o‘rnatilgan 100 kilovolt amperli bitta transformator xizmat ko‘rsatadi. Yuklama oshib ketgani uchun eski transformator tez-tez yonadi, ba'zida tutashuvlar bo‘lib ishdan chiqadi.
Joriy yil fevralda qishloqdagi har bir xonadondan 150 ming so‘mdan pul yig‘ib qariyb 30 million so‘mga yangi transformator sotib olingan. Ana shu transformator tuman ETK tomonidan hanuzgacha tarmoqqa ulab berilmayapti.

Beton ustunlar may oyida olib kelingan, avgustda joyiga o‘rnatilgan. O‘shanda odamlar traktorning solyarkasini pul yig‘ib olib berishgan. Endi 2 100 metr sim kerak. Tuman ETK viloyat omborlarida sim yo‘qligini aytmoqda.
Qishloq ahli kunlar sovigach har kuni xavotirda yashayotganlarini, qishloqdagi eski transformator istalgan vaqtda yana portlab ketishi mumkinligini aytishdi.

“So‘nggi o‘n yilda eski transformator ko‘p marta yonib ketdi. Bir necha marta portladi. Har safar o‘zimiz pul yig‘ib tuzattiramiz. O‘tgan yil kuzda portlaganda odamlardan pul yig‘ib 14 million so‘mga Samarqandda ta'mirlatib keldik. Hozir kunlar sovib eski transformatorga yuklama oshgan. Agar yana portlasa, odamlardan pul yig‘ib ta'mirlatish kerak bo‘ladi. Hozir odamlarga ham oson emas”, deyishdi qishloq ahli.
Qorabog‘londagi simyog‘ochlarning yarmidan ko‘pi qo‘lbola usulda o‘rnatilgan. O‘tgan asrning 70-yillarida qishloqqa transformator va simyog‘ochlar o‘rnatilgan, shundan keyin elektr infratuzilmasi bo‘yicha aytarli ish qilinmagan. Yangi hovli qilib chiqqanlar qo‘lbola simyog‘och yasab, tarmoqni o‘zi tortib ketavergan.

Qorabog‘londagi holat bo‘yicha Urgut ETK bosh muhandisi Ne'mat To‘xtamishevdan izoh oldik. Uning aytishicha, Qorabog‘londa aholi sotib olgan transformatorni tarmoqqa ulash ishlarining kechikib ketganiga “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari” AJ omborxonalaridan turli mahsulotlarni olish qiyin bo‘lgani sabab bo‘lgan.
“Qorabog‘londa ustunlar o‘rnatilgan. Faqat sim tortib tarmoqqa ulab bersak, muammo hal bo‘ladi. Ammo o‘sha sim topilmayapti. Bir necha marta “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari” AJning omborlariga bordim, sim yo‘q. Omborlarga sim kelgandan qorabog‘lonliklarning transformatorini tarmoqqa ulab beramiz”,

















