Ayollar ishlashi uchun eng maqbul sohalar sifatida shifokorlik yoki o‘qituvchilik aytib kelinadi. Ammo so‘nggi paytda ommalashgan yana bir faoliyat turi – fud-blogerlikda uyda turib ishlayotgan va foyda topayotgan ayollar ham ko‘paymoqda. Malika Zubaydullayeva shunday ijtimoiy faol ayollardan. Suhbatdoshimiz 29 yoshda, o‘rta ma'lumotli, oilali va to‘rt nafar farzandning onasi. YouTube, Instagram, Telegram ijtimoiy tarmoqlari orqali o‘z fud-blogini yuritib keladi.

«Ularni ko‘rib nega men eplolmas ekanman, deganman»

— Yoshligimdan ovqat pishirishga qiziqqanman. O‘zim mustaqil biror narsa pishirish uchun onam biror joyga ketishlarini kutardim va sinab ko‘rardim. 17 yoshimda turmushga chiqdim. Turmush o‘rtog‘im Koreyada o‘qirdilar, shu sabab u yerda bir necha yil yashadik. Uyda o‘tirgan chog‘larimda turli saytlar orqali har xil yeguliklar pishirishni o‘rgandim. Pazandalikni shu tariqa o‘rgandim, bu sohada biror yerda o‘qimadim.

Yaxshi taom pishirishni, avvalo, farzandlarim uchun o‘rgandim, axir har bir ona farzandlari sog‘lom voyaga yetishini xohlaydi. To‘g‘ri ovqatlanishga amal qilinsa, hech qanday parhez yoki cheklovlar shart bo‘lmaydi. Shu paytgacha bolalarimga biror marta antibiotik bermaganman.

Boshida foyda ko‘rish haqida o‘ylamagandim. Keyin bu sohani yaxshilab o‘rganib chiqsam, ayol kishi uyda o‘tirib, oilasiga uch mahal ovqat tayyorlab ham pul topishi mumkin ekan. Mablag‘ sarflamay, sarmoya kiritmasdan turib o‘zi uchun pul topish uchun bu yaxshi imkon. Boshqa davlatlarda ayollar fud-blogerlikdan bir oyda 10-15 ming dollarlab pul topar ekan. Bularni o‘qib qattiq hayratlandim va nega men eplolmas ekanman, deb o‘yladim. Axir shundog‘am oilam, farzandlarim uchun bir kunda uch mahal ovqat pishiraman-ku. Shunchaki qilayotgan ishimni suratga olsak, kifoya.

Foto: KUN.UZ

«Koreyslarga osh qilishni o‘rgatganman»

— Boshida retseptlarimni joylashdan umuman foyda ko‘rmadim, keyinchalik foyda kelmasa ham, kimlardir foydalanyapti degan maqsadda retseptlarni qoldiradigan bo‘ldim. Ular orasida o‘zbek va dunyo taomlari bor. Bizda asosan milliy taomlarni tayyorlashga qiziqishadi. Xorijda o‘tgan 12 yillik hayotimda Koreyaning o‘zimiz yashagan tumanida koreys millatiga mansub aholi vakillariga ko‘p marotaba o‘zbek milliy taomlari tayyorlanishini o‘rgatganman. Ular uchun ko‘proq o‘zbek palovi qiziq bo‘lgan.