Xizmat ko‘rsatish sohasini takomillashtirishga oid videoselektor yig‘ilishida prezident turizm va mehmonxonalar sohasiga alohida to‘xtaldi.

Ma’lum qilinishicha, yangi mehmonxona, dam olish maskanlari uch yil davomida mol-mulk va yer solig‘ini 2 barobar past stavkada to‘laydi.

Shuningdek, turizm sohasi uchun maxsus soliq rejimi joriy etilib, uch yil davomida aylanmadan olinadigan soliq va ijtimoiy soliq 1 foiz stavkada, mol-mulk va yer soliqlari esa hisoblangan summadan 1 foizi miqdorida belgilanadi. Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida mehmon uylarini tashkil etish va ta’mirlash uchun ham, imtiyozli kredit ajratiladi. Buning uchun kelgusi yilda 500 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

«Bir oy muddatda maxsus soliq rejimi joriy qilinadigan tuman va shaharlar ro‘yxati shakllantirilib, qaror loyihasiga ilova qilinsin. Shuningdek, qishloqlarda yangidan o‘rnatiladigan aloqa operatori stansiyalari mol-mulk va yer solig‘idan ozod etiladi», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bundan tashqari, aloqa operatorlarining mobil aloqa va tezkor internet qamrovini oshirish uchun bazaviy stansiyalardan birgalikda foydalanish huquqi beriladi.

Sanoati rivojlangan 27ta tumanda savdo, umumiy ovqatlanish, logistika, mehmonxona, texnik xizmat ko‘rsatish va ko‘ngilochar maskanlar xizmatlariga ustuvorlik beriladi. Xususan, kelgusi yilda Ohangaron tumanida yirik qurilish materiallari klasterlari ishga tushishi hisobiga logistika, qurilish, autsorsing, ekspertiza, savdo va ovqatlanish, mehmonxona kabi xizmatlarga talab kamida 2 barobarga oshadi.

«Bunda, kamida 50 mingta ish o‘rinlari yaratish nazarda tutilishi kerak. Bu maqsadlar uchun ushbu 27ta tumanga 200 milliard so‘m ajratiladi. Qishloq xo‘jaligida daromad yuqori bo‘lgan tumanlarda (jon boshiga 8 million so‘m) umumiy xizmatlar bilan birga, zamonaviy agroxizmatlar rivojlantiriladi.

Misol uchun, 158ta qishloq tumanida bir oyda o‘rtacha bir kishiga 270 ming so‘mlik xizmat ko‘rsatilsa, Qamashida bu ko‘rsatkich 180 ming so‘mni tashkil etadi. Lekin tumanning salohiyatini to‘liq ishga solish orqali bu ko‘rsatkichni kelgusi yilning o‘zida 300 ming so‘mga yetkazish mumkin.

Xususan, tumanda paxta va g‘alladan bo‘shaydigan 940 gektar, jumladan kelgusi yilda 400 gektar yer maydoni 1 ming aholiga ijaraga beriladi. Ushbu yerlarda urug‘ va ko‘chat, o‘g‘it yetkazib berish, agrohimoya, suv tejovchi texnologiyalarga xizmat ko‘rsatish va mini texnika bilan ta’minlash bo‘yicha alohida Agroxizmatlar markazi tashkil etiladi.