BMTning Inson huquqlari bo‘yicha agentligi 14 dekabr kuni yangi hukumatning xalqaro koalitsiya kuchlari bilan hamkorlik qilgan aholini ta’qib qilmaslik to‘g‘risidagi va’dalariga qaramay, Afg‘onistondagi tinch aholining toliblar tomonidan ommaviy o‘ldirilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘z tasdig‘ini topayotganini ma’lum qildi.

Afg‘oniston hududida hali ham ishlayotgan «Chegara bilmas shifokorlar» tashkiloti to‘yib ovqatlanmaslikning aniq belgilari bo‘lgan bolalarga yordam berishga harakat qilmoqda / AFP

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, agentlik xodimlari avgust oyida toliblar hokimiyatga kelganidan beri sud va tergovsiz amalga oshirilgan 100dan ortiq qotilliklarni isbotlashga muvaffaq bo‘lgan.

Qurbonlarning bari – Afg‘onistonning avvalgi hukumati va xavfsizlik xizmatining sobiq xodimlari. Human Righs Watch tashkiloti hisobotiga ko‘ra, so‘nggi haftalarda 47 kishi o‘ldirilgan.

«Ayrim hollarda jasadlar ommaga ko‘rsatilgan, bu esa aholining muayyan guruhlari qo‘rquvini oshirgan», deydi BMT inson huquqlari bo‘yicha oliy komissar o‘rinbosari Nada al-Nashif Afg‘onistondagi hozirgi holatga bag‘ishlangan maxsus yig‘ilishda.

Afg‘oniston TIV vakili Abdul Qahhor Balxiy BMT xulosalarini keskin rad etib, yangi hukumat sobiq hukumatning barcha sobiq xodimlari va ularning xorijiy ittifoqchilari amnistiyasi to‘g‘risidagi va’dasini bajarayotganini ma’lum qildi.

«Amnistiya to‘g‘risidagi farmonni buzgan har bir shaxs jinoiy javobgarlikka tortiladi va jazolanadi», degan TIV vakili.

U barcha samosud holatlari sinchkovlik bilan o‘rganilishini qo‘shimcha qilib, G‘arbni haqiqatni mish-mishlardan ajrata olishni o‘rganishga chaqirdi.

«Tolibon» harakati matbuot kotibi Qori Sayyod Xo‘stiy ham HRW ma’ruzasi tasdiqlanmagan ma’lumotga asoslanganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sobiq politsiyachi yoki harbiylarga nisbatan alohida repressiya holatlari ro‘y bergan. Biroq ularning bari muayyan shaxslarning shaxsiy adovati bo‘lgan yoki urug‘-aymoq adovatidan kelib chiqqan.

BMT yig‘ilishida Nada al-Nashif Nangarhor viloyatida Afg‘onistondagi toliblarning asosiy dushmani IShIDning bir qismi sanalgan «Xuroson-IShID» guruhiga aloqadorlikda gumonlangan o‘nlab kishilar o‘ldirilganini ham ma’lum qildi. Al-Nashifning so‘zlariga ko‘ra, bu guruh a’zolariga nisbatan toliblar dorga osish yoki boshini olish kabi qatlning eng shafqatsiz usullarini qo‘llashadi. Murdalar uzoq vaqt davomida jamoat joylarida ko‘rinadigan joyda qoldiriladi.