Yuridik shaxslarning elektron reyestrini yurituvchi Orginfo.uz sayti asoschisiga nisbatan ichki ishlar organi tomonidan ma’muriy ish ochildi.

Ish ochilishiga Davlat statistika qo‘mitasi kiritgan ariza sabab bo‘lgan.

Saytni dasturchi Boburmirzo Hamroqulov 2021 yil yanvar oyi boshida ochgan. Uning Kun.uz'ga aytishicha, bu platforma Statistika qo‘mitasi rasmiy saytiga joylangan korxona va tashkilotlar to‘g‘risidagi ochiq ma’lumotlar asosida yaratilgan.

“Statistika qo‘mitasi saytida STIR raqami yordamida O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan korxona va tashkilotlar haqida ma’lumotlar olish mumkin. Bularning hammasi – ochiq ma’lumotlar. Men shu ma’lumotlarning (STIR raqamlarini) barchasini ko‘chirib olib, ularni korxona rahbari ism-sharifi, yuridik shaxs nomi, ta’sischilari bo‘yicha ham qidirish imkonini beruvchi qulay sayt yaratdim.

Buni qilishdan men hech qanday moddiy manfaat ko‘zlamaganman yoki biror yomon maqsadim ham yo‘q. E’tibor qilsangiz, sayt anonim ochilgan emas, balki .uz domeniga joylashtirilgan. Agar yomon niyatim bo‘lganida, o‘z shaxsimni yashirish uchun uni .org yoki .info kabi xorijiy serverlarga ham joylashim mumkin edi. Shuningdek, platformada reklama ham yo‘q.

Men saytni ishga tushirgan vaqtimda IT sohasida magistraturada ta’lim olardim. Bu saytni yaratishimdan maqsad – keyinchalik yirik kompaniyalar, ish beruvchilarga ko‘rsatishim uchun portfolioda o‘zim yaratgan turli dasturiy mahsulotlarni jamlab boraman.

Qo‘mita saytida esa korxonalar haqida ma’lumot qidirish unchalik qulay emas – buning uchun siz o‘sha korxonaning STIR raqamini bilishingiz kerak”, – deydi Boburmirzo Hamroqulov.

Dasturchining aytishicha, avgust oyida Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi uni chaqirib, Davlat statistika qo‘mitasi uning ustidan arz qilganini ma’lum qilgan.

Qo‘mita da’vosiga ko‘ra, orginfo.uz saytida Davlat statistika qo‘mitasi manba sifatida ko‘rsatilib, keltirilgan ma’lumotlar ba’zida rasmiy manbaga muvofiq kelmay qolgan. Chunki O‘zbekistondagi yuridik shaxslar va korxonalarga doir ma’lumotlar tinimsiz o‘zgarib turadi.