Yil boshida dunyo matbuotida O‘zbekiston hududidan dinozavrning avvallari fanga ma’lum bo‘lmagan turi aniqlangani haqida shov-shuvli xabarlar paydo bo‘ldi. Keyinchalik Uchquduq tumanidagi Jiraquduq darasidan qazib olingan dinozavr suyaklari kanadalik olimlar va Yaponiyaning Nagoya universiteti paleontologlari tomonidan to‘liq o‘rganilib, baho berilgani ma’lum qilindi.

Jiraquduq Uchquduq tumani markazidan qariyb 100 km olisda joylashgan. Mingbuloq ovuliga qadar asfalt yo‘ldan, keyin esa 30 km qum oralab yurib boriladi. Daraga yaqinlashgan sari tekisliklar qum barxanlari va botiqlarga almashadi. Insonni yovvoyi tabiat va kimsasiz manzillar hayrati chulg‘ab oladi.


Aslida, Jiraquduqda dunyo olimlari tomonidan bir necha marotaba ekspeditsiya tuzilib, arxeologik qazish ishlari olib borilgan. Jarayonda ko‘plab topilmalar topilgan. Ayrim manbalarda Qizilqum kengliklari o‘rnida bir paytlar Tetis dengizi bo‘lganligi haqida taxminlar ham uchraydi.

«Qizilqum sahrosining geologik holatini o‘rganish uchun katta tadqiqot ishlari o‘tkazilgan. Bundan 50-60 yil ilgari Jiraquduq darasi mutaxassislar tomonidan mukammal o‘rganib chiqilgan. Olimlarning tosho‘rmon haqidagi ilmiy pasportlarini o‘rganib chiqqanimizda mana shu hududda bundan 100 million yil muqaddam Tetis dengizi bo‘lganligi haqidagi ma’lumotlarga duch keldik.
Ayniqsa, Qizilqum sahrosida qadimda dunyodagi eng yirik o‘txo‘r dinozavrlar yashaganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham bor. Bu ma’lumotlarni tasdiqlash maqsadida Jiraquduqdan topilgan dinozavrning suyaklari olinib, ilmiy-tekshirish institutlarida o‘rganilgan. Haqiqatan ham dinozavrning hamda dengizda yashagan yirtqich baliqlarning topilgan suyaklaridan tajriba o‘tkazib, jonivorlarning turi hamda yoshini aniqlash imkoniyatiga ega bo‘lingan.























