Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz'dagi kolonkasida Xitoyga ilk safari taassurotlari, xususan xitoyliklar cho‘llarni qanday o‘zlashtirayotgani va suv resurslari borasida fundamental muammoga ega O‘zbekiston uchun bunday tajribalarning ahamiyati haqida so‘z yuritadi.
O‘tgan hafta o‘zbekistonlik jurnalistlar va tadqiqotchilardan bir guruhi Xitoy Xalq Respublikasiga ilmiy-amaliy safar qilishdi. Ular safida men ham safarda ishtirok etdim. Biz XXRning Ninsya provinsiyasi poytaxti Inchuan shahrida hamda respublika darajasidagi shahar – Tianjianda bo‘ldik va universitetlar, suniy aql markazlari, sanoat korxonalari, yirik taraqqiyot loyihalari bilan tanishdik.
XXR – bugun dunyoning ikkinchi iqtisodiyoti. Nominal yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichi bo‘yicha AQShdan keyin dunyoda ikkinchi o‘rinni egallaydi. Biroq, YaIMni sotib olish qobiliyati pariteti (PPP) asosida baholanganda, XXR dunyoning eng yirik iqtisodiyoti sifatida ko‘riladi. Agar AQShning jahon iqtisodiyotidagi ulushi taxminan 15 foizni tashkil etsa, XXRning ulushi 18 foiz atrofida. Bu 3 foizlik farq bir qarashda katta ko‘rinmasligi mumkin, lekin amaliyotda u juda katta iqtisodiy ustunlikni anglatadi.
Keyingi 30 yil ichida XXRda taxminan 400 millionga yaqin aholi qashshoq va kambag‘al sinfdan o‘rta sinfga ko‘chdi. Ya’ni, 30 yilcha oldin bu 400 millionga yaqin aholining yaxshi uy-joy sharoitlari yo‘q edi, sifatli ovqatlanish va kiyinish, farzandlariga sifatli ta’lim berish, mashina olish va yilda bir marta bo‘lsa-da davlat ichida yoki xorijga safar qilish imkoniyati yo‘q edi. Bugun esa bunday imkoniyatlar bor. Bugun o‘rta statistik xitoy oilasida kamida bitta avtomobil, sharoitlari yaxshi uy-joy, farzandlarini o‘qitish uchun imkoniyatlar bor.
XXR – keyingi yillarda O‘zbekistonning, Markaziy Osiyo davlatlarining birinchi yoki ikkinchi savdo-iqtisodiy hamkori hisoblanadi. XXR bilan mintaqamizning iqtisodiy bog‘liqligi o‘sib bormoqda va istiqbolda aloqalar faqat kuchayishi kutiladi. XXR – O‘zbekistonning, MOning qo‘shnisi. O‘zbekistonning Andijon viloyatidan XXRning chegarasigacha bo‘lgan masofa bor-yo‘g‘i 150 km. O‘rtada faqat Qirzig‘iston bor xolos. Bugungi kunda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, XXRni bog‘lovchi temiryo‘l ham qurilmoqda.
Safar chog‘ida O‘zbekiston vakillari Lenovo kompaniyasi zavodiga ham borib, kompaniya tarixi va yangi mahsulotlari bilan tanishdi. Lenovo – bugungi kunda personal kompyuterlar ishlab chiqarishda dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Kompaniyaning 2024/25 moliyaviy yildagi umumiy tushumlari 69 mlrd dollarni tashkil qilgan, yillik sof daromad esa o‘tgan yilgiga nisbatan 36 foizga oshib, 1,4 milliard dollarga yetgan.











