O‘zbekiston | 09:47 / 12.01.2022
2164
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda soxta diplom tayyorlab sotayotgan shaxslar ushlandi. Ular orasida maktab va kasb-hunar maktabi direktori ham bor

Foto: IIB axborot xizmati

Jizzax viloyati Paxtakor tumanida soxta diplom tayyorlovchi shaxslar qo‘lga olingan. Ular orasida maktab va kasb-hunar maktabi direktori ham bor. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Jizzax viloyati IIB jinoyat qidiruv boshqarmasi uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda Paxtakor tumani “Oqbuloq” MFY hududida yashovchi fuqaro xaridordan 400 AQSh dollari miqdorida pul olib, va’da qilingan diplomni berayotgan paytda daliliy ashyolar bilan qo‘lga olingan.

Tezkor tadbir davomida sotuvchi diplomni o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan Paxtakor tumanidagi o‘rta umumta’lim maktabi direktoridan 300 AQSh dollariga, u esa o‘z navbatida shu hududdagi kasb-hunar maktabi direktori o‘rinbosari vazifasida ishlovchi shaxsdan 200 AQSh dollariga sotib olgani ma’lum bo‘lgan.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv ishlari davomida Jizzax shahrining Zargarlik mahallasida yashovchi shaxs qalbaki diplom va ilovalarni tayyorlab, unga muhr va imzolar bilan ishlov bergani aniqlangan.

Ushbu shaxsning yashash manzilidan kompyuter va qog‘oz chiqarish qurilmasi hujjatlashtirib olingan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda to‘plangan hujjatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid