Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan soha xodimlariga bayram tabrigi yo‘lladi. Tabrik matni Prezident matbuot xizmatida e’lon qilindi.

Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar!

Qurolli Kuchlarimiz xizmatchilari va faxriylari!

Qadrli vatandoshlar!

Avvalo, o‘z hayotini ona yurtimizni himoya qilishdek ulug‘ va olijanob ishga bag‘ishlagan siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda ko‘pmillatli butun xalqimizni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Mana shu qutlug‘ ayyomda jonajon Vatanimizga sadoqat, azmu shijoat kabi el-yurtimizga xos yuksak fazilatlarning qadr-qimmati va ahamiyatini, ular hayotimizda tobora mustahkam o‘rin egallab borayotganini yanada teran anglaymiz va o‘zining jangovar faoliyati bilan buni amalda isbotlab kelayotgan sizdek g‘oyat olijanob kasb egalarini sharaflaymiz.

Shu bilan birga, jangovar burchini ado etishda mardlarcha halok bo‘lgan fidoyi harbiy xizmatchilarimizning nurli va so‘nmas xotirasiga chuqur hurmat bajo keltiramiz.

Aziz do‘stlar!

Istiqlol davrida O‘zbekiston armiyasi juda murakkab va sharafli yo‘lni bosib o‘tdi. Yosh davlatimizning o‘ta og‘ir shakllanish yillarida aynan Qurolli Kuchlarimiz mamlakatimiz mustaqilligi, xalqimizning tinch hayoti va farovonligini ta’minlash, demokratik islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishning ishonchli kafolati bo‘lib xizmat qilganini barchamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz.

Keyingi yillarda amalga oshirgan tub islohotlarimiz tufayli tarixan qisqa davrda O‘zbekiston Respublikasi suvereniteti va hududiy yaxlitligini, sarhadlarimiz daxlsizligini ishonchli himoya qilishga qodir bo‘lgan, tezkor va ixcham milliy armiyani tashkil etishga erishmoqdamiz.

Ana shunday buyuk tarixiy jarayonda xalqimizning harbiy sohadagi boy merosiga tayanib, Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk sarkarda bobolarimizning jangovar an’analarini munosib davom ettirib kelayotgan, jismoniy va ma’naviy yetuk, zamonaviy bilim, qurol-yarog‘ va texnikalarni puxta egallagan, davlat va xalq manfaatlari uchun har qanday sinov va mashaqqatlarni yengib o‘tishga tayyor bo‘lgan harbiylarimiz doimo faol ishtirok etib kelayotganlari har qanday yuksak e’tirofga munosibdir.