Rada deputatlari Ukrainaning g‘arblik ittifoqchilariga ko‘mak uchun minnatdorchilik bildirmoqda / Reuters

Oliy Radada chiqish qilgan Zelenskiy G‘arb mamlakatlariga ularning sa’y-harakatlari uchun minnatdorchilik bildirdi. «Ukrainani diplomatik qo‘llab-quvvatlash 2014 yildan buyon eng yuqori nuqtasiga chiqqan va bu davom etmoqda. Ukrainaga 2014 yildan buyon eng katta va bebaho harbiy-texnik yordam  ko‘rsatilmoqda va yordam kelishi davom etmoqda», degan prezident.

O‘tgan haftada Buyuk Britaniya, AQSh va dunyoning yana bir qancha davlatlari Ukrainaga harbiy maqsadlarda ishlatiladigan yuklarni yetkazib berishni boshladi. Seshanba kuni Kiyevga AQShdan oltinchi partiya yetib kelgan, Ukraina mudofaa vaziri Aleksey Reznikov tvitterida yozishicha, Kiyev AQShdan hozirgacha jami 500 tonna hajmdagi o‘q-dori va qurollar qabul qilib olgan.

Ukraina, Polsha va Buyuk Britaniya alyansi

Zelenskiy Ukraina Polsha va Buyuk Britaniya bilan yangi siyosiy ittifoq tuzganini ham ma’lum qildi, bu tashkilot xavfsizlik, savdo, investitsiyalar va energetika bo‘yicha hamkorlikni nazarda tutadi. Bu birlashuv haqida seshanba kuni rasman e’lon qilinishi kerak edi, ammo Forin-ofis rahbari, Britaniya tashqi ishlar vazirligi Liz Trassda koronavirus aniqlanib, u Kiyevga kela olmagani tufayli bu muddat keyinroqqa surildi.

Jonson qo‘shma matbuot anjumani chog‘ida Putin «Ukrainaning boshiga to‘pponcha tirab turgani»ni aytdi / PA MEDIA

Ammo Ukraina poytaxtiga, avvaldan rejalashtirilganidek  Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson tashrif buyurdi. U Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazdi, muzokaralar yakuni bo‘yicha tomonlar qo‘shma bayonot bilan chiqqan bo‘lib, unda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli harbiy bosqini «ulkan strategik xato» bo‘lishi va o‘z ortidan «jiddiy gumanitar oqibatlar»ni yuzaga keltirishi ta’kidlangan. Bayonotda qayd etilishicha, Buyuk Britaniya «Rossiyaning davom etayotgan tajovuzi qarshisida Ukraina bilan yelkama-yelka turishga tayyorligi»ni bildirgan.

Uchrashuvdan keyin tashkil qilingan qo‘shma matbuot anjumanida Ukraina chegarasi yaqinida rossiyalik harbiylar to‘planishini «zamonaviy tarixda Ukrainaga nisbatan dushmanlikning eng jiddiy namoyishi» deb atadi.