O‘zbekiston | 18:36 / 07.02.2022
17599
2 daqiqa o‘qiladi

“IIV seriyali avtoraqamlar ishlab chiqarilmaydi” – Olim Saidov

IIV Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i o‘rinbosari – yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i, polkovnik Olim Saidovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda taqiqlangan avtoraqam belgilari mavjud emas.

Olim Saidov / Foto: Kun.uz

Kun.uz tomonidan IIV  Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga yo‘llangan so‘rovda amaldagi qonun hujjatlari bo‘yicha yuridik yoki jismoniy shaxslarga qanday seriyadagi avtoraqamlar sotilishi taqiqlangani so‘ralgan va 01 I 001 IV yoki 01 001 IIV seriyali avtoraqamlar misol sifatida keltirilgandi.

«Sotilishi taqiqlangan davlat raqam belgilari mavjud emas. Ammo sizning so‘rovingizda ko‘rsatilgan “IIV” seriyali davlat raqam belgilari ishlab chiqarilmaydi. Sababi, lotincha harflarda davlat raqam belgisini ishlab chiqarishda “I” harfidan foydalanilmaydi”, deyiladi tahririyatga Olim Saidov imzosi bilan taqdim etilgan javob xatida.

Avvalroq Olim Saidov AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida «UZB», «AAA» seriyali avtoraqamlar biror bir tashkilot yoki muayyan shaxslarga biriktirilmagani, istalgan fuqaro ularni ochiq savdoda xarid qilishi mumkinligi, masalan, «AAA» seriyali davlat raqamlari 2017 yildan buyon 36 million so‘mga sotilayotganini aytgandi.

Kun.uz so‘roviga javoban u, 1 noyabr holatiga ko‘ra sotuvda 15 tacha «AAA» seriyali avtoraqam qolgani, ularni istalgan shaxs sotib olishi mumkinligini ma’lum qilgandi.

2021 yilda auksion orqali qariyb 300 mlrd so‘mlik avtoraqamlar sotilgan. Ularning eng arzoni 450,5 ming so‘m, eng qimmati 441,5 mln so‘mni tashkil qilgan.

Mavzuga oid