Jahon | 14:23 / 10.02.2022
9676
2 daqiqa o‘qiladi

«Kommersant’»: Jirinovskiy kovidga chalinganini ikki hafta yashirgan

Foto: Aleksandr Miridonov, Kommersant’

Kovidga chalinib shifoxonaga yotqizilgani 9 fevral kuni ma’lum bo‘lgan LDPR yetakchisi Vladimir Jirinovskiy ikki hafta oldin kasallikka chalingan, ammo so‘nggi daqiqalargacha o‘ziga qo‘yilgan tashxisni jamoatchilikdan sir tutgan. Bu haqda «Kommersant’» RF sog‘liqni saqlash vazirligidagi manbasiga asoslanib xabar berdi.

Nashr suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, siyosatchi davolovchi shifokoridan ma’lumot maxfiyligini ta’minlashni so‘ragan, u buni kasallangani «LDPRning siyosiy raqiblari va antivakserlar uchun yoqimli xabar» bo‘lishi bilan izohlagan. Jirinovskiyning o‘zi vaksinatsiya targ‘ibotchisi hisoblanadi, u sakkiz marta kovidga qarshi emlanganini aytgan.

Unda kasallik aniqlangach, partiyadagilarga Rossiyada omikron keng tarqalayotgani munosabati bilan Jirinovskiy profilaktika maqsadida vaqtincha karantinga ketishi ma’lum qilingan.

2 fevral kuni vrachlar Jirinovskiyga statsionar sharoitda davolanishni tavsiya etishgan — uni Prezident ishlari boshqarmasining Moskvadagi Markaziy klinik shifoxonasiga yotqizishgan. Shu bilan birga siyosatchi partiyadoshlari bilan doimiy aloqa ta’minlanishi va palatada turib ishlash imkoniyati yaratilishini so‘ragan.

«Kommersant’» manbasi va boshqa nashrlarning xabar berishicha, Jirinovskiyning o‘pkasi jiddiy zararlangan. Uning palatasida o‘pkani sun’iy nafas oldirish apparati o‘rnatilgan.

Mavzuga oid