Nurobod va Urgut tumanlarining bir qancha mahallalarida aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Bemor va keksalarning uylariga borib, tibbiy ko‘rik tashkil qilindi. Mahalla vakillari malakali shifokorlardan jarroh, onkolog, akusher-ginekolog, endokrinolog, oftalmolog, terapevt va nevropatologlardan kerakli tavsiyalar olishdi. Mutaxassislarning tavsiyalarini sifatli hamda tezkor tashkil qilish maqsadida hududlarning o‘zida laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazildi.
Institut va markaz mutaxassislari aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bilan bir vaqtda yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish va chora-tadbirlar to‘g‘risida suhbat o‘tkazdilar. Sog‘lom ovqatlanish qoidalari, shu bilan bir qatorda jismoniy faollikni oshirish borasida kerakli tavsiyalar berildi.



Samarqand davlat tibbiyot instituti yuqori kurs talabalari, magistr va klinik ordinatorlari Urgut tuman tibbiyot birlashmasi shifokorlari bilan birga aholi salomatligini ta’minlash, sifatli tibbiy ko‘rikni mahallalar kesimida olib borish haqida aholi bilan davra suhbati o‘tkazdilar.

“Ushbu tadbirlardan ko‘zlangan maqsad, davlat rahbarining tibbiyot sohasi vakillari bilan uchrashuvdagi topshiriqlari va ko‘rsatmalarini joylarda amalga oshirish va aholi salomatligini yaxshilashdan iboratdir. Shu bilan birga joriy yilning 26 yanvar kuni Prezident tomonidan imzolangan “Endokrinologiya xizmatini yanada takomillashtirish va ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror mohiyatini barcha tibbiyot xodimlariga yetkazish asosiy yo‘nalishlarimizdan biri hisoblanadi. Uch kun davomida Qo‘shrabot, Payariq, Oqdaryo, Ishtixon, Past Darg‘om tumanlaridagi tibbiyot muassasalari xodimlaridan ko‘plab takliflar olindi”, deydi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Samarqand filiali bosh vrachi Gulzoda Negmatova.









