11 fevral kuni yo‘llarda inson xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektorda davlat rahbari O‘zbekistondagi yo‘l harakati qoidalari eskirganini ta’kidlab, ularni xalqaro standartlar asosida, mutaxassislar va haydovchilar fikrini o‘rgangan holda yangilash bo‘yicha topshiriq berdi.
«Qonunchilikka kiritiladigan hamma yangiliklar deputatlar, ekspertlar va jamoatchilik bilan bamaslahat ishlab chiqiladi», degan prezident.
Yig‘ilishda sohadagi ayanchli holat statistik ma’lumotlar asosida tanqidiy tahlil qilindi. Tahlillar ko‘rsatishicha, avariyalarning 45 foizi — haydovchilarning qoidalarni mensimasligi, 10 foizi — haydovchilarning tajribasizligi, 25 foizi — yo‘l holati va infratuzilmasi talabga javob bermasligi, 20 foizi — piyodalarning qoidalarga amal qilmasligi oqibatida sodir bo‘lmoqda.
«Yuqoridagi muammolarning barchasi ham ijtimoiy, ham iqtisodiy, ham xavfsizlik masalalariga bevosita bog‘liq. Shu bois, 2022 yilda barcha hududlarda «Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda» umummilliy dasturini amalga oshiramiz», dedi prezident.
Qayd etilishicha, 2021 yilda aniqlangan 7,7 million huquqbuzarlikdan 46 foizi qo‘pol qoidabuzarliklar hisoblanadi. Ayniqsa mast holda boshqarish Samarqand (12 mingta), Toshkent viloyati (8,5 ming), Farg‘ona (7,5 ming) va Toshkent shahrida (7 ming), qizil chiroqqa o‘tish Toshkent viloyati (62 ming), Samarqand (51 ming) va Toshkent shahrida (47 ming) ancha yuqori.
Jarima ballari
Prezident «qo‘pol qoidabuzarlarga jazo muqarrarligi ta’minlanishi shart»ligini ta’kidladi.
Qonunchilik palatasi va mutasaddi idoralarga yo‘l harakatiga oid qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqib, tubdan takomillashtirish vazifasi qo‘yildi. Chunki qo‘pol qoidabuzarliklar, ularni takror sodir etish holatlari ko‘paygan.
- 2021 yilda respublika bo‘yicha 95 ming nafar haydovchi 5 tadan ko‘p, 9 ming nafari 20 tagacha, 700 nafari 50 tagacha, 18 nafari 100 tagacha qoidabuzarlik sodir etgan.
Jazo muqarrarligini ta’minlash maqsadida, bundan buyon, har bir huquqbuzarlik uchun jarima ballari tizimi joriy etilishi belgilandi. Masalan, haydovchi tezlikni oshirsa, 1 ball, qizil chiroqda o‘tsa, 3 ball hisoblanadi. Agar bir yilda qoidabuzarliklar jami 12 balldan oshsa, haydovchi avtomobil boshqarish huquqidan mahrum qilinadi va qayta imtihon topshiradi.








