O‘zbekiston | 15:40 / 25.02.2022
9285
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Ukrainadagi fuqarolarini Polsha orqali evakuatsiya qiladi

Evakuatsiya vaqtida qariyalar, bolali ayollar, talabalar va bolalar ustunlikka ega bo‘ladi.

Ukrainadagi o‘zbekistonliklar Polsha orqali olib chiqilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi xabar berdi.

Elchixonaning rasmiy saytida e’lon qilingan xabarda vatanga qaytish uchun Lvovga kelgan o‘zbekistonliklardan shu yerdagi o‘zbeklar diasporasi vakili Ma’ruf Sa’diyev bilan bog‘lanib, ro‘yxatga kiritish uchun o‘zi haqida ma’lumotlar hamda tegishli hujjatlarni taqdim etish so‘ralgan.

Qayd etilishicha, Ukrainada qolib ketgan vatandoshlar O‘zbekistonning Ukraina hamda Polsha davlatlaridagi elchixonalari vakillari hamrohligida avtobus orqali chegaradan olib o‘tiladi. Elchixona Polshaga mustaqil borishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolarini chegarada muammolarga duch kelish mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Evakuatsiya rejalashtirilgan fuqarolar orasida quyidagi toifalarga ustuvorlik beriladi va ular birinchi navbatda olib o‘tiladi:

  • qariyalar;
  • bolali ayollar;
  • talabalar va bolalar.

«Xavfsiz evakuatsiyangizni ta’minlash uchun imkon qadar harakat qilamiz», deyiladi xabarda.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Polshaning tegishli idoralari O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga Polsha davlat chegarasini vizasiz kesib o‘tishlariga rozilik bergan.

Avvalroq O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi o‘zbekistonliklarga murojaat qilib, Ukraina hududini tark etishni xohlovchi fuqarolar ro‘yxati shakllantirila boshlangani, evakuatsiya rejasi ishlab chiqilayotganini bildirgandi.

Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmati 24 fevral kuni Kun.uz muxbiri bilan suhbatda hozircha Ukrainadagi o‘zbekistonliklar mamlakatdan qachon va qay tartibda olib chiqilishi bo‘yicha evakuatsiya rejasi tayyor emasligi, shuningdek, Rossiyadagi O‘zbekiston fuqarolarini evakuatsiya qilish ko‘rib chiqilmayotganini aytgandi.

Shu kuni Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yusuf Qobuljonov Ukraina hududida 4300 ga yaqin O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib turgani, — O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari qayd etilmagani, shuningdek, Rossiyaning Ukraina chegaralari yaqinidagi o‘zbekistonliklarga xavf yo‘qligini ma’lum qilgandi.

Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid