Samarqandda o‘tgan «Qandli diabetning dolzarb masalalari» hamda «O‘z-o‘zini nazorat qilish maktablari» mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda barcha viloyatlardan endokrinologlar va endokrinologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi xodimlari ishtirok etishdi.

Qayd etish joizki, tadbir O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2022 yil 26 yanvardagi «Endokrinologiya xizmatini takomillashtirish va ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 102-sonli qarorida belgilangan vazifalarni amaliyotga tezroq tatbiq qilish maqsadida tashkil etildi.
Prezident qarorida 2022-2024 yillarda respublika aholisiga endokrinologiya yordami ko‘rsatishni rivojlantirish dasturi ham qabul qilingan. Unda belgilangan rejalarga ko‘ra, respublikaning 40 yoshdan oshgan aholisida yiliga bir marta qandli diabet kasalligiga skrining o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilmoqda. Belgilangan muddatda respublika aholisiga endokrinologiya yordami ko‘rsatishni rivojlantirish dasturini amalga oshirish uchun 350,4 mlrd so‘m ajratiladi.
Chunki mutaxassislar Kovid pandemiyasidan so‘ng ushbu dardga chalinganlar soni ortgani, umuman diabet kovid asoratlaridan biri ekanligini qayd etishmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh endokrinologi, tibbiyot fanlari doktori Feruza Haydarova ayni paytda butun dunyoda, jumladan, O‘zbekistonda ham qandli diabet epidemiyasi kuzatilayotgani, prezidentning tibbiyot sohasiga oid ilk qarori bejiz endokrinologiya xizmatini yuksaltirish borasida qabul qilinmaganiga urg‘u berdi.

«Hozir asosiy muammo nimada? Biz bu turdagi kasalliklarni juda kech tashxislaymiz. Juda ko‘p bemorlarda surunkali asoratlar bor.
Diabetning ahamiyati shunchalik yuqoriki, davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan ilk hujjatlardan biri endokrin xizmatni yanada rivojlantirish bo‘yicha dasturning qabul qilinganidir.
















