Jahon | 07:43 / 28.02.2022
61357
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy keyingi 24 soat Ukraina uchun hal qiluvchi bo‘lishini aytdi

Buyuk Britaniya bosh vaziri prezidentning harakatlarini yuqori baholadi va Ukraina mudofaasiga yordam berish uchun qo‘lidan kelganini qilishga va’da berdi.

Foto: AP

Kelgusi 24 soat Ukraina uchun hal qiluvchi bo‘ladi, dedi prezident Vladimir Zelenskiy Buyuk Britaniya bosh vazir Boris Jonson bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida.

Dauning-strit xabariga ko‘ra, Jonson Ukraina mudofaasiga yordam berish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishga va’da bergan.

Qayd etilishicha, Buyuk Britaniya bosh vaziri Ukraina xalqining jasorati va qahramonligi hamda Zelenskiyning harakatlarini yuqori baholagan.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabiga ko‘ra, to‘rt kun ichida Rossiya armiyasi 4500 kishini yo‘qotdi.

Bosh shtab ma’lumotlariga qaraganda, 4 kunlik urush davomida ukrainalik harbiylar 27 ta samolyot va 26 ta vertolyotni urib tushirgan, 150 ta tank va 700 dan ortiq BTRni, 50 ta qurolni, ikkita qayiqni, bitta «Buk», to‘rtta «Grad» qurilmasini, 60 ta sisterna va ikkita tezkor-taktik uchuvchisiz samolyotni yo‘q qilgan.

Bu raqamga o‘lganlar, yaradorlar va asirlar kiradimi yoki faqat halok bo‘lganlar kiradimi, noma’lum. Rossiya Mudofaa vazirligi halok bo‘lganlar va asirlarning aniq sonini aytmayapti, biroq 27 fevral kuni birinchi marta armiyada yo‘qotishlar bo‘lganini tan oldi.

Avvalroq, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina Gomeldagi muzokaralarga bormasligini ma’lum qilgan, u Belarus betaraf hudud emasligini aytib, Varshava, Istanbul, Vena yoki Boku shaharlaridan birida uchrashish taklifini bildirgandi.

Keyinroq Zelenskiy Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali suhbatlashdi. Ushbu suhbatdan keyin Lukashenko Putinga muzokaralarni kechroq muddatga surish taklifi bilan chiqqan. Rossiya prezidenti Belarus rahbariga rozilik bildirgan. Ya’ni Lukashenko Ukraina delegatsiyasi biroz kechikishi tufayli, rus delegatsiyasini yana biroz Belarusda qolishga ko‘ndirgan.

Mavzuga oid