O‘zbekiston | 17:12 / 09.03.2022
7463
3 daqiqa o‘qiladi

Moratoriyga qaramasdan Qashqadaryoda daraxt kesish davom etmoqda

Noqonuniy tarzda 10 tup qayrag‘ochni kesgan fuqaroga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzilib, tabiatga yetkazilgan zarar 32,4 million so‘m miqdorida hisoblangan.

Foto: KUN.UZ

Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining xabar berishicha, boshqarmaga G‘uzor tumanidagi “Sho‘rtangazkimyo” MChJning tashqi suv ta’minoti “V” ustuni nasos stansiyasi hududida daraxt kesilayotgani bo‘yicha murojaat kelib tushgan. Boshqarma xodimlari tomonidan hudud ko‘zdan kechirilganda, holat o‘z tasdig‘ini topgan.

O‘rganishlar davomida nasos stansiyasi xodimi R.E. stansiya binosi hovlisida o‘sib turgan 10 tup har xil diametrdagi qayrag‘och daraxtlarini kesib tashlagani aniqlangan. Daraxtlar ko‘zdan kechirilganda ulardan 6 tup sog‘lom holatdagi va 4 tup sanitar holatini yo‘qotib, qurigan qayrag‘och tag qismidan kesib tashlanganligi ma’lum bo‘lgan.

Holat yuzasidan R.E. ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy huquqbuzarlik  bayonnomasi rasmiylashtirilgan va tabiatga yetkazilgan zarar 32,4 million so‘m hisoblangan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar tegishli tartibda jinoyat ishlari bo‘yicha sudga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qarshi davlat universiteti hududida 38 tup daraxt noqonuniy kesilgan. Shuningdek, Andijonda tug‘uruqxona oldidagi 12 tup qimmatbaho daraxt kesib tashlangan. Bundan tashqari, Yunusobod tumanidagi Amir Temur va Chinobod ko‘chalari kesishmasida ekilgan eldor qarag‘aylari kechki payt noma’lum shaxslar tomonidan kesib ketilgan. Andijon va Toshkentdagi holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Prezidentning 30 dekabrdagi farmoni bilan, O‘zbekiston hududida daraxtlarni kesishga moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgan, tartibni buzganlik uchun jarimalar 5 barobarga oshirilgan, yetkazilgan zarar 2 barobar qilib undirilishi belgilangan edi. Farmonda noqonuniy daraxt kesish holatlarini foto va videotasvirga olib jo‘natganlarga pul to‘lanishi ham ko‘zda tutilgan. Shunga qaramasdan, joylarda hamon noqonuniy daraxt kesish holatlari to‘xtamayapti.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid