“Mikrofon – qizlarda” loyihasining navbatdagi qahramoni – Rayhona Isroilova 2003 yilda tug‘ilgan, yaqinda 19 yoshga to‘ladi. U Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani Dardoq qishlog‘ida tug‘ilgan. 18 yoshidayoq Paynet kompaniyasida dasturchi sifatida ish topib, faoliyat yuritishni boshlagan. Irodali, o‘rganish mashaqqatidan qochmaydigan Rayhonaning o‘ziga xos hikoyasi bor.

Avval styuardessa, keyin tarjimon bo‘lish orzusi

Maktabda yomon o‘qimaganman, lekin o‘zimni zo‘r o‘quvchi deb hisoblamasdim. Yuqori sinfga o‘tgach, 5–6-sinfda ingliz tili o‘qituvchimiz meni tilga yo‘naltirib, tuman, viloyat olimpiadalariga olib borgandi. Shu-shu ingliz tiliga qiziqib qolgandim.

7-sinfda paytim maktabdagi darslardan qoniqmay Qo‘rg‘ontepa markazidagi o‘quv markazida ingliz tilini o‘rganishni davom ettirdim. Dastlab, orzum styuardessa bo‘lish edi, biroq qarindoshlarim boshqa kasb tanlashni maslahat berishgan. Ammamning bir qizi tarjimon bo‘lib ishlaydi, unga havas qilib, tarjimon bo‘laman deb maqsad qilgandim. Shu sabab 9-sinfni tugatib, Jahon tillari universiteti qoshidagi litseyga hujjatlarimni topshirdim, lekin kirolmadim. Biror narsaga astoydil harakat qilib uddalay olmaganlik kayfiyatida edim, qishloqqa qaytib borgim kelmagan.

Nima qilishni, endi o‘qishimni qanday davom ettirishni bilmaganman. Shuning uchun o‘rtada Toshkentga qarindoshlarimiznikiga kelib, tayyorlanib IELTS'dan 6 ball oldim. Yana menda noaniqlik paydo bo‘ldi: asosiy maqsadim IELTS olish edi, undan keyin qanday harakat qilaman?

Uydagilar OTMda o‘qishimni xohlashdi, lekin ich-ichimdan buni negadir xohlamasdim, boshqacharoq yo‘nalishda o‘zimni sinab ko‘rgim kelardi. O‘qigan kitoblarim ta’sirida universitetda o‘qimasdan ham hayotda inson o‘z yo‘lini topishi mumkin degan fikrda edim. Lekin ota-onam istagi bilan ona tilidan repetitorga bora boshladim.

“Telefonni tanlasang, erga tegasan”

Ota-onam ikkovi ham oliy ma’lumotli, o‘qimishli kishilar. Ulardan repetitorga borib yurgan paytlarim telefon olib berishni so‘raganimda otam shart qo‘ygandi: “Senda 2 ta yo‘l bor: yo telefonli bo‘lib, erga tegasan yoki o‘qishni tanlasang telefonsiz o‘qiysan, o‘zing harakat qilasan”. Shu gapdan so‘ng o‘qishni tanladim va qaytib telefon haqida og‘iz ochmadim.

Ona tilini o‘zim uncha xohlamay o‘qiganim uchun yetarli natijani ko‘rsata olmadim. Biz OTMga topshirgan yili (2020 yilda) karantin boshlanib, faqat 2ta fandan imtihon olingandi. Menda ingliz tilidan sertifikat bor, o‘shanda maktabda mendan boshqa hech kimda chet tili sertifikati yo‘q edi, shuning uchun hamma meni o‘qishga kirdi deb o‘ylashgan. Lekin ona tilidan natijam yaxshi bo‘lmagani uchun talaba bo‘la olmadim.