Davlat departamenti vakili jurnalistlarga Olbrayt xonim saratondan vafot etganini ma’lum qilgan.
«Uning bu binoga ta’siri har kuni seziladi. U davlat kotibi lavozimida ishlagan ilk ayol bo‘lgandi va tom ma’noda xodimlarimizning katta qismi uchun eshiklarni ochib bergandi», degan Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays.
Madlen Olbrayt marosiga hurmat bildirganlar qatorida NATOning hozirgi bosh kotibi Yyens Stoltenberg ham bor, u Olbrayt erkinlik uchun kurashda harakatlantiruvchi kuch va NATOning katta tarafdori bo‘lganini e’tirof etgan.
O‘z navbatida AQShning sobiq prezidentlaridan biri kichik Jorj Bush Olbrayt bugungi dunyoda jamoat erkinliklari qanday muhim rol o‘ynashini o‘z tajribasidan bilganini qayd etgan.
«Biz insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilishiga jim qarab tura olmaymiz»
Madlen Olbrayt 1937 yilda Chexoslovakiyada diplomat oilasida dunyoga kelgan, tug‘ilganida unga Mariya Yana Korbelova deb ism qo‘yilgan. U 11 yoshida, Ikkinchi jahon urushidan biroz keyinroq, 1949 yilda uning oilasi AQShdan siyosiy boshpana so‘rab murojaat qilgan, 1957 yilda esa Madlen Amerika fuqaroligini olgan.
Madlen Olbrayt siyosiy faoliyatini Demokratik partiya faoli sifatida boshlagan. 1978 yilda u Oq uyda, prezident Jimmi Karter ma’muriyatida ishlay boshlagan, uning boshchiligidagi Milliy xavfsizlik kengashiga a’zo bo‘lgan. Keyinroq bir necha prezidentlikka va vitse-prezidentlikka nomzodlarning xalqaro siyosat masalalari bo‘yicha maslahatchisi sifatida ishlagan.
1993 yilda Bill Klintonning inauguratsiyasidan keyin Olbrayt AQShning BMTdagi doimiy vakili sifatida o‘zining ilk diplomatik mansabini qo‘lga kiritgan.
Keyinroq u BMT bosh kotibi, Ruandadagi mash’um genotsid bo‘yicha qaroridan qaytgan Butros Butros-Galini keskin tanqid qilishi bilan tilga tushgan.
1997 yilda Oq uydagi raqiblarining keskin qarshilik ko‘rsatishiga qaramay Olbrayt AQSh Davlat kotibi lavozimiga tayinlanadi.
Olbrayt qattiq tashqi siyosiy kursga amal qilgan, xususan, 1990-yillarning oxiridagi Bolqon inqirozini hal qilish uchun kuch ishlatish zarur deb hisoblagan.















