Rossiya 1992 yilda imzolangan MDH mamlakatlari doirasida Pensiya huquqlarining kafolatlari to‘g‘risidagi shartnomadan chiqib ketmoqchi. Bu YeOIIga a’zo davlatlar bilan yangi shartnoma imzolangani, shuningdek, MDH mamlakatlaridan ko‘plab mehnat muhojirlari kelayotgani sabab ularga pensiya to‘lash xarajatlari oshib borayotgani bilan izohlangan. Ammo hozirgacha O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida ushbu yo‘nalishda alohida shartnoma tuzilmagan.
2023 yil 1 yanvarda Rossiya MDHga a’zo davlatlar fuqarolarining pensiya ta’minoti sohasidagi huquqlari kafolatlari to‘g‘risidagi bitimdan chiqishni reja qilmoqda. Bu haqda RBK nashri hukumat manbalariga tayanib xabar berdi.
Rasmiy Moskvaning 1992 yilda imzolangan shartnomadan chiqishi haqidagi qonun loyihasi Rossiya Mehnat vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan federal qonun loyihasida keltirib o‘tilgan.
Qayd etilishicha, bu hozirgi pensionerlarga ta’sir qilmaydi. Rossiya allaqachon YeOII davlatlari bilan yangi shartnoma imzolagani aytib o‘tilgan. Shuningdek, MDH mamlakatlaridan ko‘plab mehnat muhojirlari kelayotgani, ayni paytda ularga pensiya to‘lash xarajatlari ham oshib borayotgani keltirib o‘tilgan. Rasmiylarga ko‘ra, kelishuvdan chiqish 2023 yildan 2025 yilgacha bo‘lgan davrda Rossiyaga 2,2 milliard rublgacha budjet mablag‘larini tejash imkonini beradi.
MDH yagona pensiya makoni kelishuvi haqida
Pensiya huquqlarining kafolatlari to‘g‘risidagi shartnoma SSSR tugatilganidan keyin, 1992 yilda 10ta davlat: Rossiya, Armaniston, Belorussiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Ukraina tomonidan imzolangan. Hujjatda pensionerning fuqaroligidan qat’i nazar, shaxsning doimiy yashash joyidagi davlat tomonidan pensiya to‘lashga kelishib olingan edi. Bu doimiy tarzda yashab kelayotgan va pensioner bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosining Rossiyada, pensioner bo‘lgan Rossiya fuqarosining O‘zbekistonda pensiya olishiga imkoniyat berardi. Agar ikki tomonlama shartnomalarda nazarda tutilmagan bo‘lsa, mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro hisob-kitoblar amalga oshirilishi shart bo‘lmagan.
Sodda qilib aytganda, 1992 yilgacha SSSR hududida, shuningdek, 1992 yildan keyingi davrda MDH davlatlari hududidagi ish staji va daromadlaridan kelib chiqib pensiya tayinlash tartibi yo‘lga qo‘yilgandi. Masalan, MDHning biror davlatidan kelgan migrant Rossiyada pensiya oladigan bo‘lsa, uning mehnat staji (xususan, 10 yil O‘zbekistonda, 5 yil Qozog‘istonda va 10 yil Rossiyada ishlagan bo‘lsa, 25 yillik mehnat staji hisoblangan) xuddi shu vaqt davomida Rossiyada ishlagandek hisoblangan.
















