O‘zbekiston | 09:50 / 03.04.2022
24903
13 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘anning tashrifi, tezlashgan inflatsiya, IIV va DTMdan yangiliklar - hafta dayjesti

Yangi avtomobil sotib olishi taqiqlangan amaldorlar, qoidabuzar abituriyentlarni 7 yilgacha imtihondan chetlatish niyatidagi DTM, O‘zbekistonga to‘rtinchi marta kelgan Erdo‘g‘an va boshqalar – Kun.uz yakunlanayotgan haftaning asosiy yangiliklari dayjestini taqdim etadi.

Urush sabab O‘zbekistonda ham narxlar oshishi tezlashmoqda

O‘tgan yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda uzoq yillar ichida birinchi marta inflatsiya bir xonali raqam darajasiga tushgani e’lon qilingan edi. Biroq Ukrainadagi urush fonida inflatsiya yana 10 foizdan oshdi. Statistika qo‘mitasi xabariga ko‘ra, oxirgi 1 yilda O‘zbekistonda iste’mol narxlari 10,5 foizga ko‘tarilgan.

Rasmiylarga ko‘ra, mart oyida oziq-ovqat mahsulotlari 2,5 foizga qimmatlashgan. Umumiy iste’mol sektoridagi tovar va xizmatlar narxi o‘rtacha 1,5 foizga oshgan.

Narxlar bilan birga, ishsizlik darajasi oshayotganini ham taxmin qilish mumkin. Kuzatuvchilar Rossiyadan migrantlarning chiqib ketayotganini aytishyapti. Yil oxirigacha Rossiya iqtisodiyotidagi ish o‘rinlari soni 2 millionga qisqarishi mumkin.

Shu hafta O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi bo‘yicha qayta ko‘rib chiqilgan ilk prognozlar e’lon qilindi. Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki 2022 yilda O‘zbekiston YaIM o‘sishi bo‘yicha prognozni 6 foizdan 4 foizga, Fitch reyting agentligi esa 5,5 foizdan 3,1 foizga pasaytirdi.

Shu bilan birga, o‘zbek so‘mi ikki hafta ichida o‘z qadrini birmuncha tiklashga erishdi. Yil boshidan mart oyi o‘rtasigacha 6,7 foizga qadrsizlangan so‘m oxirgi ikki haftada 1,5 foiz qadrini tikladi. 17 mart kuni 11 570 so‘mdan oshgan rasmiy kurs 1 aprelga kelib 11 395 so‘mgacha tushdi.

Payshanba kungi yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev aholini valuta kursi bo‘yicha ortiqcha xavotir olmaslikka chaqirdi. “Valuta bozorida keskin tebranishlarning oldini olish uchun zaxiralarimiz yetarli”, dedi prezident.

Bu yig‘ilishda tashqi iqtisodiy sharoitlarga hukumatning javob choralari muhokama qilindi. Unga ko‘ra, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari importiga aksiz solig‘i va bojxona bojlari qayta ko‘rib chiqiladi, soliq ma’murchiligidagi o‘zgarishlar bo‘yicha yil oxirigacha jarimalar qo‘llanmaydi.

Bundan tashqari, prezident barcha hokimlar, vazirlar va idoralar rahbarlariga ortiqcha xarajatlardan tiyilishni buyurdi. Ya’ni yil oxirigacha budjet tashkilotlarida avtomobil, mebel, ofis anjomlari sotib olish, bino ta’mirlash kabi xarajatlar qilish taqiqlandi. Bu buyruq ijrosini nazorat qilish prokurorlarga yuklatildi.

***

DTM qoidabuzar abituriyentlarni 7 yilgacha imtihondan chetlatishni taklif qilmoqda

Foto: Kun.uz

Bu yil O‘zbekistonda 600 mingdan oshiq o‘quvchi maktabni bitiradi. Oliygohlarga jami 1 million nafar abituriyent hujjat topshirishi kutilyapti. Davlat test markazining ma’lum qilishicha, imtihonlar pandemiya vaziyatiga qarab yo avvalgidek katta sig‘imli binolarda, yoki yana stadionlarda o‘tkazilishi mumkin.

Asosiy yangiliklardan biri – chet tilidan ijodiy imtihonlar o‘tkazilishi. Ya’ni jahon tillari va sharqshunoslik universitetlari, Samarqanddagi chet tillari instituti, Toshkent davlat pedagogika universiteti, Qo‘qon va Nukusdagi pedinstitutlarning chet tili birinchi fan bo‘lgan yo‘nalishlarida chet tilidan test emas, ijodiy imtihon o‘tkaziladi.

Ma’lum bo‘lishicha, kirish imtihonida qoidani buzgan, masalan telefon yoki shpargalka bilan qo‘lga tushgan abituriyentlarni 5–7 yilgacha imtihonlardan chetlatish masalasi ko‘rib chiqilyapti.

“Bu borada xalqaro tajriba ham o‘rganilgan. Tartibni buzgan abituriyentlar 5-7 yilgacha umuman qabul imtihonida ishtirok etmasligi, agar OTMda o‘qisa, talabalikdan chetlashtirish masalasini normativ-huquqiy jihatdan qonuniylashtirish yo‘llarini ko‘rib chiqyapmiz”, dedi DTM direktori Majid Karimov.

Bu borada hamkorlikda ish olib borilayotgani aytilgan Adliya vazirligi va Bosh prokuratura qanday munosabat bildirgani hozircha noma’lum. Bizningcha, imtihonlardan 5-7 yilga badarg‘a qilish – bitta xato uchun yillab tovon to‘lattirish va xato qilgan yoshlarni oliy ta’lim ostonasidan butkul quvib solish degani.

***

Shaxsni tekshirish uchun IIBga olib borish amaliyotiga barham beriladi

Foto: IIV Jamoat xavfsizligi departamenti

Keyingi yildan boshlab yo‘l patrul xizmati xodimlari bilan birga, patrul-post xizmati xodimlari ham bodikameradan foydalangan holda xizmat olib borishga o‘tishi mumkin. Hukumatning bu haqdagi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Loyiha tasdiqlansa, 2023 yil 1 yanvardan “Ye-patrul” tizimi joriy etiladi va tekshirish uchun fuqaroni ichki ishlar bo‘limiga olib borish amaliyotidan voz kechiladi. Yangi tartibda barcha ma’lumotlar joyida planshet orqali tekshiriladi.

Ichki ishlar vazirligining bu taklifi internetda olqishlarga sazovor bo‘ldi. Shu bilan birga, vazirlikning YPX xodimlarini foto va videoga olib tarqatishni taqiqlash haqidagi taklifi hamon muhokamalar markazida bo‘lib turibdi. Kuni kecha bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova vazirlikning taklifini to‘la quvvat-quvvatlashini ma’lum qildi.

Svetlana Ortiqova o‘z fikrini tushuntirishga urinib, shaxsning o‘z tasviriga bo‘lgan huquqi masalasini gapirdi. Uning fikricha, hatto matbuot anjumanlarida ham jurnalistlar uni suratga olish uchun undan ruxsat so‘rashi lozim. Biroq ta’kidlash kerakki, davlat xizmatchilarini aynan ish vaqtida, ish jarayonida tasvirga olish uning o‘z tasviriga bo‘lgan huquqining buzilishi deb hisoblanmaydi.

Ikki yil oldin e’lon qilingan Fuqarolik kodeksining yangi tahrirdagi loyihasiga ana shu norma kiritilgan edi. Loyihada davlat xizmatchilarini xizmat vazifalarini bajarish jarayonida tasvirga tushirish va bunday tasvirlardan foydalanish uchun ulardan ruxsat olish shart emas deb belgilanishi ko‘zda tutilgandi.

Ichki ishlar vazirligining taklifi rasmiylar portalda bildirilgan fikrlar bilan hisoblashishga qanchalik tayyorligini ham ko‘rsatib beradi. Jamoatchilik loyihaga 1200dan ortiq taklif qoldirdi, ulardan aksariyati – YPX xodimlarining tasvirini tarqatish taqiqlanishiga qarshi.

***

Turkiya bilan strategik hamkorlik mustahkamlanmoqda

Foto: Prezident matbuot xizmati

Haftaning muhim siyosiy voqealaridan biri Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning O‘zbekistonga tashrifi bo‘ldi. Bu – Erdo‘g‘anning Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davrida O‘zbekistonga uchinchi marta kelishi. Toshkentdagi Yangi O‘zbekiston bog‘idan boshlangan tashrif Urganch va Xiva shaharlarida yakuniga yetdi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston va Turkiya strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratiladigan qator hujjatlar imzolandi. Ular orasida savdoni osonlashtirish va harbiy hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar ham bor.

Bundan tashqari, prezidentlar Qibray tumanida turk kompaniyasi tomonidan qurilgan, 240 megavatt quvvatli IES faoliyatiga start berdi. Sirdaryoda ham xuddi shunday stansiya qurilishi boshlandi. Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda oxirgi bir yilning o‘zida turkiyalik kompaniyalar bilan birgalikda 5 ta yirik energetika loyihalari amalga oshirilgan.

***

1 apreldan boshlab qonunchilikda qator o‘zgarishlar kuchga kirdi. Bu o‘zgarishlardan asosiylarini sanab o‘tamiz.

Daraxt kesish holatlari haqida xabar berganlarga 270 ming so‘m to‘lanadi. / Foto: Kun.uz

2010 yildan oldin berilgan haydovchilik guvohnomalari endi haqiqiy emas. Biroq hali yangilanmagan guvohnomalar uchun jarima yozilmasligi aytilmoqda. Guvohnomani yangilash uchun uzun navbatlar yuzaga kelgani ortidan, jarayon 2 haftaga – 2 aprelgacha to‘xtatilgan edi. Eski namunadagi “prava”ni almashtirish muddati yana bir yilga uzaytirilishi kutilyapti.

Daraxt kesish holatlarini foto va videoga olib, tegishli joylarga xabar berganlarga pul to‘lanadi. Har bitta holat uchun – 270 ming so‘m. Bundan tashqari, ekologiyaga oid boshqa turdagi huquqbuzarliklar haqida xabar berganlarga undirilgan jarimaning 15 foizini to‘lash tartibi ham kuchga kirishi kutilyapti, bunda mukofot puli bir necha o‘n million so‘m bo‘lishi ham mumkin.

1 apreldan ayrim bog‘chalarga bolalarni 2 yoshdan qabul qilishga ruxsat berildi. Ayrim bog‘chalar deganda to‘liq quvvat bilan ishlamayotgan davlat bog‘chalari tushuniladi. Ular bolalarni 2 yoshdan boshlab pulli xizmat ko‘rsatish shaklida qabul qilishi mumkin. Shuningdek, boquvchisini yo‘qotgan ayollarning farzandlari davlat bog‘chalariga borishi bepul bo‘ldi. Boquvchisini yo‘qotgan ayollar 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarini xususiy bog‘chaga berishsa, ularga davlat tomonidan subsidiya to‘lanadi.

Endilikda o‘zgalar parvarishiga muhtoj va yolg‘iz yashaydigan keksalar har yili bir marta sanatoriylarga bepul yuboriladi. Sharoiti og‘ir keksalar davlat tomonidan dori vositalari va protez-ortopediya moslamalari bilan ta’minlanadi, ularni jarrohlik yo‘li bilan davolash xarajatlari ham qoplanadi.

***

Yakunlanayotgan haftada yana nimalar ro‘y berdi?

Sirdaryoning Boyovut tumanida noqonuniy mayning ferma 7,7 mln dollarlik kriptovaluta ishlab chiqargani aytilmoqda. / DXX videosidan kadr

2017−2021 yillarda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ajratilgan, lekin haligacha qaytarilmayotgan imtiyozli kreditlar soliq to‘lovchilar hisobidan qoplanishi mumkin. Bu masala hukumatda ko‘rib chiqilmoqda.

Samarqandda birjadan sotib olingan propan noma’lum suyuqlik bo‘lib chiqdi. Sifatsiz yonilg‘i avtomobillarni ishdan chiqaryapti. Ajablanarlisi, propan gazini qazib olgan LUKOIL ham, uni qayta ishlagan “O‘zbekneftgaz” ham mas’uliyatni zimmasiga olmayapti. Batafsil Kun.uz surishtiruvida tanishishingiz mumkin.

Prezident kasalxonalarda propiskasi boshqa joyda bo‘lgan bemorlar qabul qilinmasligini tanqid qildi. 1 apreldan boshlab davlat hisobidan davolanish uchun yo‘llanmalar boshqa hududdagi davlat shifoxonalari uchun ham beriladi. Yagona to‘lov tariflarini tasdiqlagan holda, davolanish uchun xususiy klinikalarga ham yo‘llanma berish amaliyoti kengaytiriladi.

Ikkita shov-shuvli holat bo‘yicha tergov yakunlandi. Toshkentdagi zooparkda qizchasini ayiq qafasiga tashlab yuborgan ayol umrbod ruhiy xastalikka chalingan bo‘lib, unga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqiladi. Toshkent davlat pedagogika universitetida talaba qizni zo‘rlashga urinishda ayblanayotgan dekan o‘rinbosarining ishi ham sudga oshirildi, ish yopiq sudda ko‘rib chiqiladi.

O‘zbekiston va Tojikiston uchta yangi yo‘nalishda avtobus qatnovini yo‘lga qo‘ydi. Qozog‘iston bilan yo‘lovchi poyezdlar qatnovi esa noma’lum muddatga kechiktirildi, Qozog‘iston tomoni sabab sifatida karantinni ko‘rsatdi. Ayni paytda, rasmiy Toshkent Afg‘oniston muvaqqat hukumatini xalqaro miqyosda tan olish mexanizmlarini ishlab chiqishni taklif etmoqda.

Sirdaryoda yirik noqonuniy mayning ferma faoliyatiga chek qo‘yildi. Davlat xavfsizlik xizmatining ma’lum qilishicha, bu yerda bir yarim yil ichida 7,7 mln dollarga teng kriptovaluta ishlab chiqarilgan.

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov xorijda davolanmoqda. Rasmiy xabarga ko‘ra, 74 yoshli vazir o‘n kun davomida Toshkentda davolangan, shundan so‘ng xorijga olib ketilgan.

Tergovda qiynoqqa solingan shaxslarga zararni davlat to‘lab berishi belgilandi. Bosh prokuratura vafot etgan xodimining oilasiga salkam 1 mlrd so‘m to‘laydigan bo‘ldi. Inson huquqlari milliy markazida Inson huquqlari uyi tashkil etildi.

Yer sotish va firibgarlik jinoyatlaridagi millionlab dollarlar: Samarqandda 10 gektar yerni 250 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan MChJ rahbari ushlandi. Toshkentda bir shaxs 2,5 gektar yerni 1,9 mln dollarga, boshqa biri 2 gektar yerni 800 ming dollarga sotmoqchi bo‘lganida qo‘lga olindi. Zangiota tumani hokimining sobiq o‘rinbosari qidirilmoqda.

2022 yil uchun zakot nisobi, fitr sadaqa va fidya miqdori e’lon qilindi. Zakot nisobi 34 mln so‘m, fidya miqdori 25 ming so‘m, fitr sadaqasi Toshkent shahri uchun 10 ming so‘mdan 160 ming so‘mgacha deb belgilandi.

Ramazon barchamizga muborak bo‘lsin, azizlar.

Mavzuga oid