Toshkentda 2 gektar yerni 800 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
Toshkent shahrida yer oldi-sotdisi bilan noqonuniy shug‘ullanuvchi shaxslar ushlandi. Bu haqda IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xabar bermoqda.
2022 yil 30 mart kuni IIVga E.N. ariza bilan murojaat qilib, yer olish maqsadida yurgan vaqtida «U» ismli fuqaro bilan tanishib qolganini bildirgan.
Ushbu fuqaro unga tanishi - «D» ismli fuqaroning 4 gektar yer maydoni borligini aytib, shundan 2 gektar yer maydonini 800 000 AQSh dollariga sotishini, bugungi kunda ushbu yer maydoni taqiqda turgani sababli uni rasmiylashtirib bera olmasligini, kelgusida kerakli tashkilotlar orqali ushbu taqiqni yechib, E.N.ga yer hujjatlarini rasmiylashtirib berishini, hozirda oldindan bo‘nak sifatida 80 000 AQSh dollarini talab qilib kelayotganini bayon qilib, qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur arizaga asosan, shu kuni Bosh prokuratura Yer resurslari talon-toroj qilinishi oldini olish boshqarmasi, IIV JQBB Yer resurslari talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish bo‘limi, DXX, IJQK departamentining Shayxontohur tumani xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tadbir davomida, U.Ch. Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 15-sonli Kardiologiya markazining avtoturargohida ariza muallifidan talab qilgan 800 000 AQSh dollaridan bo‘nak sifatida 80 000 AQSh dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan, IJQK departamentining Shayxontohur tumani tomonidan fuqaro U.Ch. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksi 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, U.Ch. Jinoyat-protsessual kodeks 224-moddasi tartibida ushlangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
16:37
Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkor - iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi
10:51
Toshkent aeroportida eshitish qobiliyati cheklangan shaxslar ish boshladi
17:02 / 22.11.2024
Toshkentda 4 mln dona pirotexnika buyumlari yo‘q qilindi
15:28 / 22.11.2024