O‘zbekiston | 18:42 / 25.03.2022
167055
12 daqiqa o‘qiladi

2 yoshdan bog‘chaga qabul, kuchini yo‘qotadigan «prava» va sanatoriyga bepul yo‘llanma - 1 apreldan nimalar o‘zgaradi?

Kun.uz sayti 2022 yil 1 apreldan O‘zbekiston qonunchiligida kuchga kiradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.

2010 yilgacha bo‘lgan davrda berilgan haydovchilik guvohnomalari haqiqiy emas deb hisoblanadi

Hukumat qaroriga binoan 2010 yilgacha bo‘lgan davrda berilgan eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalari — 2022 yil 1 apreldan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi.

Biroq, Davlat xizmatlari agentligining ma’lum qilishicha, eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini almashtirish xizmati 19 martdan boshlab 2 haftaga to‘xtatilgan. Guvohnomani almashtirishning oxirgi muddatlari yangi qaror bilan mutanosib tarzda 2023 yilning 31 dekabrigacha uzaytirilishi kutilmoqda. 2022 yil 1 aprelidan boshlab haqiqiy emas deb topiladigan haydovchilik guvohnomalari bo‘yicha, istisno tariqasida chora ko‘rilmaydi.

Noqonuniy daraxt kesish holatlari haqida xabar berganlarga 270 ming so‘m mukofot beriladi

Prezident farmoniga muvofiq, aholi tomonidan IIV va Davlat ekologiya qo‘mitasining maxsus axborot tizimiga yuborilgan, daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha huquqbuzarliklar haqidagi fotosurat va videoyozuvlar MJTKda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

Bunda huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi fotosurat va videoyozuvlarni yuborgan shaxslar har bir tasdiqlangan holat bo‘yicha huquqbuzardan undirilgan mablag‘lar hisobidan BHMning bir baravari (270 ming so‘m) miqdordagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi. Bunda, huquqbuzarlik tegishli organlar tomonidan bevosita aniqlangandan so‘ng kelib tushgan xabarlar bo‘yicha rag‘batlantirish amalga oshirilmaydi.

Jismoniy shaxslarning aksiyalardan oladigan dividendlari daromad solig‘idan ozod qilinadi

Prezident qaroriga asosan 2024 yil 31 dekabrga qadar:

O‘zbekiston Respublikasining rezidenti va norezidenti bo‘lgan jismoniy shaxslarning aksiyalar bo‘yicha hisoblangan dividendlar tarzidagi daromadlari daromad solig‘idan ozod qilinadi;

O‘zbekiston Respublikasining norezidenti bo‘lgan yuridik shaxslarning aksiyalar bo‘yicha hisoblangan dividendlar tarzidagi daromadlariga O‘zbekiston Respublikasining rezidenti bo‘lgan yuridik shaxslar singari foyda solig‘ining 5 foiz stavkasi tatbiq etiladi;

O‘zbekiston Respublikasining rezidenti va norezidenti bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarning xo‘jalik jamiyatlari obligatsiyalari bo‘yicha hisoblangan foizlar tarzidagi daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘idan ozod qilinadi.

Shuningdek, mahalliy emitentlarga o‘z aksiyalarini dastlab «Toshkent» RFBda joylashtirgandan so‘ng anderrayter tavsiyasiga ko‘ra ularni xorijiy fond bozorlarida yoki bir vaqtda mahalliy va xorijiy fond birjalarida joylashtirish huquqi beriladi.

Ayrim bog‘chalarga bolalarni 2 yoshdan qabul qilishga ruxsat beriladi

Prezident farmoniga ko‘ra, boquvchisini yo‘qotgan xotin-qizlarning farzandlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga to‘lanadigan ota-onalar badalidan ozod qilinadi. Shuningdek, ularning 3 yoshgacha bo‘lgan farzandlari uchun nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga Davlat budjetidan subsidiyalar ajratiladi.

Farmonga asosan to‘liq quvvat bilan ishlamayotgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 2 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarni pullik xizmat ko‘rsatish shaklida qabul qilishga ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, kechki smenada xotin-qizlar ishlaydigan korxona va tashkilotlar o‘z huzurida maktabgacha ta’lim tashkilotini tashkil qilganda, ulardagi tarbiyachilarning ish haqi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Yolg‘iz yashaydigan keksalar har yili bir marotaba sanatoriylarda bepul sog‘lomlashtiriladi

Prezident qaroriga muvofiq 2022 yil 1 apreldan keksalar uchun quyidagi bir qator ijtimoiy kafolatlar kuchga kiradi:

a) o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashaydigan keksalar har yili bir marotaba sanatoriylarda bepul sog‘lomlashtiriladi;

b) sharoiti og‘ir va kam ta’minlangan keksalarga shifokorlarning retseptlariga asosan 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib dori vositalari, tibbiy va maxsus protez-ortopediya moslamalari olib beriladi hamda jarrohlik amaliyotlarining xarajatlari qoplanadi;

v) og‘ir tashxisli kasalliklari hamda nogironligi bo‘lgan keksalarga shifokorlarning retseptlariga muvofiq, 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib dori vositalarining 50 foizigacha bo‘lgan summasi kompensatsiya qilinadi;

g) keksalarning jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishidagi muassasalarda (stadion, sport zallari, basseyn va boshqa sport majmualari) jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlari uchun abonement xarajatlari qoplanadi;

d) davlat teatrlari va muzeylariga keksalar uchun chipta narxlari to‘liq qoplab beriladi.

Mahalliylashtiriladigan farmatsevtika mahsulotlarini kafolatli xarid qilish mexanizmi joriy etiladi

Prezident farmoniga ko‘ra, farmatsevtika mahsulotlari xaridlariga ajratilishi rejalashtirilgan Davlat budjeti mablag‘lari miqdori doirasida mahalliylashtiriladigan farmatsevtika mahsulotlarini uch yil muddatga shartnoma tuzish orqali kafolatli xarid qilish mexanizmi joriy etiladi.

Shuningdek, farmatsevtika sohasida yangi ishlab chiqaruvchi korxonalar, ulgurji va chakana savdo tashkilotlari mos ravishda «Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)», «Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP)» va «Zarur farmatsevtika (dorixona) amaliyoti (GPP)» talablariga muvofiq ravishda tashkil etiladi.

Endokrin kasalliklarni erta aniqlash va maqsadli kuzatish uchun tibbiy kuzatuv va patronajning yangi modeli joriy etiladi

Prezident qaroriga muvofiq endokrin kasalliklarni erta aniqlash va maqsadli kuzatishni ta’minlash uchun tibbiy kuzatuv va patronajning yangi modeli joriy etiladi. Bunda oilaviy shifokorlar endokrin kasalliklarni tashxislash hamda davolash bo‘yicha qayta tayyorlanadi, endokrin kasalliklar mavjud oilalarga maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan patronaj hamshirasi biriktiriladi va boshqa bir qator choralar ko‘riladi.

Ayrim sohalardagi tadbirkorlik sub’yektlari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanadi

Prezident qaroriga asosan 2025 yil 1 yanvarga qadar chakana savdo va umumiy ovqatlanish, mehmonxona (joylashtirish) xizmatlari, avtotransportda yo‘lovchi va yuk tashish, transport vositalarini ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish, kompyuter xizmatlari, maishiy texnikani ta’mirlash, agro va veterinariya xizmatlarini ko‘rsatuvchi hamda ko‘ngilochar maskanlarda xizmatlar ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanadi.

Shuningdek, 2025 yil 1 yanvarga qadar ayrim tuman va shaharlarda belgilanadigan turizm hududlarida ro‘yxatdan o‘tgan hamda ushbu hududda umumiy ovqatlanish, mehmonxona (joylashtirish), savdo, ko‘ngilochar, turoperator va turagent xizmatlarini ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’yektlari uchun:

aylanmadan olinadigan soliq stavkasi — 1 foiz;

ushbu hududlardagi obektlar va ular egallagan yer uchastkasi bo‘yicha yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i miqdorlari — mazkur soliqlar bo‘yicha hisoblangan summaning 1 foizi miqdorida belgilanadi.

Milliy cholg‘u asboblarini ishlab chiqaruvchilarga soliq imtiyozlari beriladi

Prezident qaroriga ko‘ra, milliy musiqa cholg‘u asboblarini ishlab chiqarishdan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadning kamida 60 foizini tashkil etadigan tashkilotlar uchun aylanmadan soliq va ijtimoiy soliq stavkasi 2022 yil 1 apreldan 2025 yil 1 yanvarga qadar 1 foiz etib belgilanadi.

O‘lim haqida tibbiy guvohnoma berish tartibi bekor qilinadi

Toshkent shahrida tibbiyot muassasalari tomonidan o‘lim haqida tibbiy guvohnoma berish tartibi bekor qilinib, faqat elektron tizim orqali o‘lim haqida tibbiy ma’lumotnoma shakllantirish tartibi joriy etiladi.

2022 yil 1 iyuldan mazkur tartib butun respublika hududida joriy etiladi.

Vazirlik va idoralar veb-saytlariga talablar kuchaytiriladi

Prezident qaroriga asosan 2022 yil 1 apreldan boshlab vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘z rasmiy veb-saytlarida o‘zlarining tarkibiga kiruvchi davlat muassasalarining nomi, faoliyat turi, funksiya va vakolatlari hamda rahbarlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joylashtiradi va uning doimiy ravishda yangilab borilishini ta’minlaydi, davlat muassasalarining hududlar va yuqori turuvchi organlari kesimidagi ma’lumotlar Davlat aktivlarini boshqarish agentligining veb-saytiga joylashtiriladi.

Bundan tashqari, ochiq ma’lumotlar portalida foydalanuvchilar uchun qulay formatlarda ko‘rish imkoniyatini yaratgan holda muassasalarning yuqori turuvchi tashkiloti, ko‘chmas mulk obektlari, qurilishi tugallanmagan obektlar va avtotransport vositalari, rejalashtirilgan va amalga oshirilgan xarajatlar tarkibi haqidagi va boshqa ma’lumotlarni e’lon qilish amaliyoti joriy etiladi.

Mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasining eng kam miqdori oshiriladi

Prezident farmoniga asosan mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi hamda ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda — 440 000 so‘mdan 622 000 so‘mgacha oshiriladi.

Shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan qonuniy vakilga har oyda 500 ming so‘m miqdorida nafaqa to‘lovi (parvarishlash nafaqasi) joriy etiladi.

«UzAuto Motors» bilan shartnoma tuzilganda avtomobil shartnoma tuzgan shaxs nomiga rasmiylashtiriladigan tartib kuchga kiradi

Hukumat qaroriga ko‘ra, «UzAuto Motors» AJ tomonidan avtomototransport vositasini xarid qilish bo‘yicha shartnoma tuzgan shaxsga avtomatik ravishda rasmiylashtiriladigan hisob-ma’lumotni IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga faqat elektron shaklda taqdim etish amaliyoti joriy qilinadi.

Davlat moliyaviy nazorati sohasidagi qoidabuzarliklar haqida xabar berganlarga mukofot to‘lanadi

Davlat moliyaviy nazorati sohasida qoidabuzarliklar holatlari to‘g‘risida Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasiga «Davlat auditi» dasturiy kompleksi orqali xabar bergan jismoniy shaxslarga, ushbu ma’lumot asosida moliyaviy tekshiruvlar jarayonida aniqlanib, davlat foydasiga undirilgan mablag‘lar hisobidan mukofot to‘lanadi.

Poyabzal ishlab chiqaruvchilardan ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorda undiriladi

2025 yil 1 yanvargacha quyidagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorda undiriladi:

ishlab chiqaruvchining yalpi tushumida bolalar, ayollar va sport poyabzallari, sun’iy (eko) charm, furnitura, poyabzal qoliplari va tagliklari ishlab chiqarishdan tushgan tushumning ulushi hisobot davri yakuni bo‘yicha kamida 60 foizni tashkil qilgan ishlab chiqaruvchilar;

yalpi tushumining umumiy hajmida poyabzallar, charm-attorlik mahsulotlari va mo‘ynadan tayyorlangan buyumlar eksportidan tushgan tushumning hajmi 80 foizni tashkil qilgan ishlab chiqaruvchilar.

Jismoniy shaxslarning aholi xonadonlarida baliq yetishtirish yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qish xarajatlari qoplab beriladi

Prezident qarori bilan 2025 yil 1 yanvarga qadar jismoniy shaxslarning aholi xonadonlarida baliq yetishtirish yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qish xarajatlarini qoplash uchun Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan BHMning ikki barobaridan oshmagan miqdorda bir martalik subsidiya ajratiladi.

«Masofaviy elektron deklaratsiyalash» bojxona postlari barcha hududlarda tashkil etiladi

Davlat bojxona qo‘mitasining bojxona organlarining umumiy cheklangan shtatlar soni doirasida toifadan tashqari maqomga ega bo‘lgan «Masofaviy elektron deklaratsiyalash» bojxona postlari qo‘mitaning barcha hududiy boshqarmalarida bosqichma-bosqich tashkil etiladi.

«Masofaviy elektron deklaratsiyalash» bojxona postlari 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab qo‘mitaning Toshkent, Sirdaryo, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari bo‘yicha boshqarmalarida tashkil etilgandi.

Mavzuga oid