O‘zbekiston | 13:36 / 29.03.2022
34978
2 daqiqa o‘qiladi

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov xorijda davolanmoqda

O‘zbekiston TIV rahbari Abdulaziz Komilov ayni vaqtda davolanish uchun xorijga ketgan.

Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, so‘nggi o‘n kun davomida surunkali kasalliklari tufayli Tibbiyot bosh boshqarmasining 1-son Markaziy klinik shifoxonasida tibbiy muolajalar olgan.

«Shifokorlarning konsilium xulosasiga ko‘ra, vazirning salomatligini yanada chuqurrok tekshiruvdan o‘tkazish zarurati yuzaga kelgani sababli, ayni kunlarda Abdulaziz Komilov ixtisoslashgan tibbiy ko‘rikdan o‘tish va tegishli muolajalarni olish maqsadida xorijda davolanishni davom ettirmoqda», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Abdulaziz Komilov 12 kun oldin, 17 mart kuni Senat yalpi majlisida O‘zbekistonning Ukrainadagi voqealarga munosabati bo‘yicha savolga javob qaytarib, O‘zbekiston Ukraina hududiy yaxlitligi va suverenitetini tan olishi, Donbassdagi o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarni tan olmasligini ma’lum qilgan va O‘zbekiston Ukrainada harbiy harakatlar zudlik bilan to‘xtatilishi tarafdori ekanini aytgandi.

18 mart kuni esa Dominikana va Janubiy Koreyaning yangi elchilarini qabul qilgan.

Mavzuga oid