O‘zbekiston | 08:29 / 29.03.2022
28803
4 daqiqa o‘qiladi

Talabasiga tegajog‘lik qilishda ayblanayotgan “zamdekan ishi” bo‘yicha tergov yakunlandi, ish sudda yopiq ko‘riladi – Bosh prokuratura

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti dekan o‘rinbosari, talaba qizni zo‘rlashga urinishda ayblangan Bog‘abek Yuldashevga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov yakunlanib, ish sudga oshirilgan. O‘zbekiston bosh prokurori matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov ish sudda yopiq tarzda ko‘rilishini ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

Hayot Shamsuddinovning ta’kidlashicha, dekan o‘rinbosariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari 4 mart kuni yakunlangan, tomonlar ish hujjatlari bilan tanishtirilgan.

8 mart kuni jinoyat ishi bo‘yicha ayblov xulosasi tuzilib, Yakkasaroy tuman prokuraturasiga yuborilgan. 10 mart kuni esa jinoyat ishi prokuratura tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudiga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 27 oktabr kuni Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti 3-kurs talabasi Mushtariybonu Komilova Nemolchi.uz loyihasiga murojaat qilib, dekan o‘rinbosari Bog‘abek Yuldashevning xonasiga kirganida mansabdor shaxs unga nisbatan shilqimlik qilganini aytgandi. Talaba qizga ko‘ra, voqea 2021 yilning 18 oktabr kuni sodir bo‘lgan.

Binoning 2-qavatidan pastga qulagan Mushtariybonuga katatravma, qo‘shma jarohat, o‘ng o‘tirgich va qov suyaklari sinib siljishi, quymuch suyagi o‘ng tomonda sinib qoniqarli turishi, beshinchi bel umurtqasi yon o‘sig‘i sinib qoniqarli turishi, bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, peshona sohasi ezilib yirtilgan jarohati, travmatik shok ikkinchi darajasi tashxislari qo‘yilgan.

IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov dekan o‘rinbosari Bog‘abek Yuldashevga nisbatan 19 oktabr kuni JKning 118- (nomusga tegish) va 105- (qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, u 23 oktabr kuni Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasi tartibida ushlangani haqida ma’lum qilgandi.

Ushbu voqea jamoatchilik o‘rtasida katta rezonans keltirib chiqargan, ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Internet foydalanuvchilari jabrlanuvchi va uning onasi tomonidan ochiqlangan voqea tafsilotlari bir-biriga mos kelmayotgani, jumladan, tajovuzga uchragan qiz qachon yigitiga telefon qilib, yordam chaqirishga va qayerda ekanini aytishga ulgurgani, yigit qanday qilib “Narxoz”dan Peduniversitetga 8 minutda yetib kelib, zamdekanning xonasini topib borganini so‘roq ostiga olgandi. Nemolchi.uz tomonidan e’lon qilingan voqea bayoni va Mushtariybonuning 21 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Ayollar forumidagi hikoyasida ham farqli jihatlar mavjud.

Hozirgacha Bog‘obek Yuldashevning yaqinlari OAV yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqish qilgani yo‘q. Jinoyat ishini tergov qilayotgan Toshkent shahar prokuraturasi ham o‘tgan vaqt davomida yangi bayonot bermadi.

«Zamdekan» mojarosi ortidan TDPU rektori Alisher Umarov ishdan olingan, uning o‘rniga Abdug‘affor Qirg‘izboyev tayinlangandi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimdagi xotin-qizlar zo‘ravonlikning turli ko‘rinishlariga duch kelganda murojaaat qilishlari uchun 1006 ishonch telefoni hamda @himoya_otv_bot’ni ishga tushirdi.

Gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha respublika komissiyasi a’zosi, Milliy mass-media fondi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva Toshkent davlat pedagogika universitetida talaba qiz dekan o‘rinbosari tomonidan avvaliga tegajog‘likka uchrab, so‘ng 2-qavat derazasidan itarib yuborilgani aytilayotgan holatga munosabat bildirib, oliy ta’lim muassasalarida talaba qizlarga nisbatan shilqimlik – jiddiy muammo ekanini ta’kidlagandi.

25 noyabr – 10 dekabr kunlari O‘zbekistonda “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol sa’y-harakatlar” kampaniyasi o‘tkazildi. Ushbu tadbir oldidan “Birgalikda zo‘ravonlikni yengamiz!” deb nomlangan xalqaro forum ham bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan Saida Mirziyoyeva har qanday zo‘ravonlik ildizini quritish yo‘lidagi kurashda ayollarning old safida bo‘lishini bildirdi.

Mavzuga oid