O‘zbekiston | 17:12 / 31.03.2022
17086
5 daqiqa o‘qiladi

“GAI” xodimi xizmat vazifasini yaxshi bajaradimi, yomon bajaradimi, bu ikkinchi masala” - Bosh prokuror o‘rinbosari

Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova huquqshunos-prokuror sifatida ham, O‘zbekiston fuqarosi sifatida ham YPX xodimlarining xizmat faoliyati ruxsatsiz foto va videoga olinishiga qarshiligini bildirdi.

“GAI xodimi xizmat vazifasini bajaradi. Yaxshi bajaradimi, yomon bajaradimi, bu ikkinchi masala.

Hozir rulga o‘tirganingizda, ko‘chaga chiqqaningizda yurish ancha xavfli bo‘lyapti. Qayerdadir videokamera ishlaydi, [yoki] ishlamaydi. Qayerdadir o‘sha DAN xodimi turadi, [yoki] turmaydi. Lekin “prava”ga o‘qimagan yoki “prava”si yo‘q odamlar, qanaqadir giyohvand moddalarni iste’mol qilganlarni rulda ko‘ryapmiz-ku.

Hozir, hattoki ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston yo‘llari “qonli yo‘llar” degan nom ham oldi, bu sharmanda emasmi?

Mening shaxsiy fikrim, ham O‘zbekiston fuqarosi, ham huquqshunos, ham prokuror, ham ayol sifatida, “GAI” xodimi ko‘chaga chiqsa va – qonun doirasida ishlaydiganini aytaylik hozir, – qonun talabini bajarish lozim bo‘lgan yo‘lovchidan talab qilsa, menimcha [uni] videoga olib ijtimoiy tarmoqlarga tashlash – noto‘g‘ri.

Bu bilan u ham davlat xizmatidan bo‘layotgan pogonli odam va ham inson-ku. U ham O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi-ku. Demak, undan so‘rab… Misol uchun, mendan [ruxsat] so‘ramasangiz, meni suratga olishingizga ruxsat bermayman. Chunki bu mening sha’nim, qadr-qimmat va hokazo... Bu yerda o‘tirgan jurnalist-blogerlar yaxshi biladi buni.

Demak, birinchi, O‘zbekiston fuqarosini himoya qilishimiz kerak, so‘rab… Hozir siz mendan talab qilyapsiz, sizni s’yomka qilsam maylimi, [deb]…

Ikkinchidan, u davlat xizmatidagi inson. Agarda “GAI” xodimi qanaqadir noto‘g‘ri xatti-harakat qiladigan bo‘lsa, siz huquqiy madaniyat, o‘z huquqingizni bilasiz, majburiyatingizni esdan chiqarmaysiz. Afsuski, hozir huquqim bor ekan, deb majburiyatni esdan chiqarayotganlar talaygina bo‘lib qolyapti, ko‘ryapmiz-ku. Bu menimcha O‘zbekiston xalqiga xos va mos xususiyat emas.

Shuning uchun, men ham u tomonni – yo‘lovchi tarzida, ham pogonli shaxs sifatida aytyapman. Men “GAI” xodimining xizmat faoliyatidagi jarayonni s’yomka qilishga qarshiman”, – dedi bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova bugun, 31 mart kuni AOKA bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Shuningdek, Svetlana Ortiqova bu talab Konstitutsiyaga qanchalik mosligiga doir savolga javoban, YPX xodimlarining sha’n va qadr-qimmat daxlsizligi Konstitutsiya bilan himoya qilinishini aytdi.

“Agar Konstitutsiyani yaxshi bilsak, u yerda sha’n va qadr-qimmat daxlsizligi va Konstitutsiya bilan himoya qilinishi borasida norma bor. YPX xodimi ham O‘zbekiston fuqarosimi, Konstitutsiya bilan himoya qilinishi kerak. Bu – mening shaxsiy fikrim, qonun emas. Qonun tarzida yo u yoqli bo‘ladi yoki bu yoqli, o‘rtancha bo‘lmaydi. To‘g‘rimi? Yo ruxsat beriladi yoki man etiladi.

Kim meni [bu fikrlarim uchun – tahr.] adolatsizlikda ayblay oladi? Hech kim! Men juda adolatli ayolman. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Konstitutsiya bilan himoyalangan. YPX xodimi bo‘ladimi, uy bekasimi, jurnalist-bloger bo‘ladimi. Agar sizdan ruxsat so‘ramasdan s’yomka qilsa, shunaqa chang ko‘tarasizki, Xudo ko‘rsatmasin. Bu mening fikrim”, – deya Svetlana Ortiqovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, Ichki ishlar vazirligi yo‘l-patrul xizmati xodimlarining foto va videosini internetga tarqatishni taqiqlashga oid hukumat qarori loyihasini muhokamaga qo‘ygan edi.

29 mart kuni yakunlangan muhokamalarda jamoatchilikning yuqorida darajada faolligi kuzatildi: loyiha doirasida berilgan 1200 dan ortiq takliflarning aksariyati uni qabul qilinishi ochiqlik siyosatiga zidligini bildirgan. Shuningdek, blogerlar va jamoatchilik faollari va blogerlar ham bu loyihaga qarshi bo‘lmoqda.

Mavzuga oid