Xabar qilinishicha, iftorlik avvalida elchi Javlon Vahobov mehmonlarga O‘zbekistonda an’anaviy Islom qadriyatlarini avaylab asrash va targ‘ib etish hamda diniy erkinliklarni ta’minlash borasida hayotga tatbiq etilayotgan chora-tadbirlar haqidagi ma’lumotlarni o‘rtoqlashdi.

Iftorda so‘zga chiqqan Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha AQSh komissiyasi (USCIRF) raisi N.Mayenza bir necha kun avval O‘zbekistonga borib, rasmiylar, fuqarolik jamiyati vakillari va diniy yetakchilar bilan uchrashish imkoniga ega bo‘lganini ma’lum qildi.
- O‘zbekiston so‘nggi to‘rt yil ichida qanday ijobiy va sezilarli o‘zgarishlarga erishganini hamda diniy erkinlik uchun yanada ochiq shart-sharoitlar sari intilayotganini ko‘rishdan mamnun bo‘ldim, - dedi u. - Diniy tashkilotlarni ro‘yxatga olish, diniy e’tiqod erkinligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha davom etayotgan muloqotlar bizni ruhlantirdi. O‘zbekiston hukumati bilan yo‘lga qo‘yilgan muloqot mamlakatning islohot va o‘zgarishlarni yanada ilgari surish yo‘lida katta maqsadni ko‘zlaganini ko‘rsatdi.
Shimoliy Amerika Islom hamjamiyati sobiq prezidenti, doktor S.Sayyid Amerikada shakllanayotgan musulmon jamiyati O‘zbekiston bilan o‘zaro aloqalarini kengaytirishi zarur ekanligini ta’kidladi. U Merilend shtatidagi Indoneziya Musulmon jamiyati assotsiatsiyasi (IMAM) Islom markazi yoki Turkiya hukumati ko‘magida tashkil etilgan Diyonat markaziga o‘xshash O‘zbekiston Islom markazini tashkil etish taklifini ilgari surdi.
Global faoliyat instituti (IGE) rahbari K.Zeypl bir necha din vakillari o‘zaro ahillikda yashayotgan O‘zbekiston tajribasi boshqa mamlakatlarga diniy erkinliklarni ta’minlash modeli sifatida o‘rnak bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

- Shu munosabat bilan 2022 yil may oyida Global faoliyat instituti O‘zbekiston hukumati bilan birgalikda “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumini o‘tkazishni mo‘ljallamoqda, - dedi u. - Tadbir dunyoga O‘zbekiston musulmonlar va nasroniylar, birinchi navbatda, ruhoniylar va imomlar o‘rtasidagi konfessiyalararo muloqot o‘rnatilgan davlatning namunasi ekanligini yana bir bor namoyon etadi. Bundan tashqari, xalqaro forum davomida olim va ekspertlar diniy savodxonlikni oshirish, e’tiqod erkinligini ta’minlash, shuningdek, O‘zbekiston islom me’morchiligi masalalarini ham muhokama qilishadi.














