DW xabariga koʻra, Zaxariyaning ketishi haqida avval The New York Times va CNN xabar bergan. Uning oʻzi ham 17-oktabrga oʻtar kechasi X ijtimoiy tarmogʻidagi postida buni bilvosita tasdiqlagan.

Zaxariya Donald Trampni iliq soʻzlar bilan taʼriflab, «Uning qoʻl ostida ishlash men uchun sharaf edi», deb yozgan.

Tramp esa jurnalistlarga Zaxariyaga bu ish oʻziga mos kelishi haqida oʻylab koʻrishni taklif qilganini aytgan. Prezidentning soʻzlariga koʻra, OAV unga yomon va adolatsiz munosabatda boʻlgan, Zaxariya soʻnggi kunlarda koʻp qiyinchiliklarni boshdan kechirgan. Tramp uning baxtli boʻlishini xohlashini va yaqin vaqtda u bilan suhbatlashish niyatida ekanini bildirgan.

Zaxariyaning tayinlovi 9-oktabr kuni eʼlon qilingan edi. Biroq u ilk ish kunidayoq matbuot anjumanidagi ishonchsiz chiqishi va nutqidagi adashishlari bilan eʼtiborga tushgan. Ayrim savollarga javob bera olmagan va brifingni belgilangan vaqtdan ancha oldin yakunlagan.

Shuningdek, uning kasbiy malakasi haqida ham savollar paydo boʻlgan. Xabarlarga koʻra, Zaxariya 2011-yilda Pepperdine University yuridik maktabini tamomlaganidan keyin advokatlik imtihonidan oʻta olmagan. Shunga qaramay, u avval oʻzini bir necha marta yurist deb atagan, Tramp esa uni advokat sifatida tanishtirgan.

CBS News maʼlumotiga koʻra, Zaxariya oʻtgan haftani odatdagidan ancha yakkalangan holda oʻtkazgan va matbuot kotibiga xos faoliyat olib bormagan. Politico esa Tramp boshqalar bilan suhbatlarda uning qobiliyati va kamera qarshisida oʻzini tutishi haqida tanqidiy fikrlar bildirganini yozgan.