Qirg‘iziston 1 maydan boshlab mamlakatga kirishda manfiy PZR-test to‘g‘risidagi hujjat taqdim etish talabini bekor qildi.
Xabar qilinishicha, mamlakat vazirlar mahkamasi raisi o‘rinbosari Edil Baysalov koronavirusga qarshi kurashish shtabi yig‘ilishini o‘tkazdi.
Yig‘ilishda respublikadagi epidemiologik vaziyat to‘g‘risidagi hisobot tinglandi.
Sog‘liqni saqlash vazirligiga 1 maydan boshlab Qirg‘iziston hududiga kirib kelayotgan mamlakat va xorij fuqarolaridan manfiy PZR-test natijasi yoki emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatni taqdim etish talabini bekor qilish topshirig‘i berildi.
Bundan tashqari, vazirlar mahkamasining navbatdagi yig‘ilishida mamlakatda favqulodda vaziyat rejimini joriy etish to‘g‘risidagi hukumat farmoyishini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish ko‘zda tutilmoqda.















