Jahon | 09:46 / 10.05.2022
10430
2 daqiqa o‘qiladi

Filippindagi prezidentlik saylovlarida diktator Markosning o‘g‘li g‘alaba qozondi 

Saylov byulletenlarining 90 foizdan ortig‘i sanab chiqilgach, kichik Ferdinand Markos uchun deyarli 30 million kishi ovoz bergani ma’lum bo‘ldi. Bu uning raqibi Leni Robredonikidan ikki barobar ko‘p.

Foto: Picture Alliance

1986 yilda hokimiyatdan chetlatilgan marhum sobiq diktator Ferdinand Markosning o‘g‘li Filippindagi prezidentlik saylovlarida ishonchli g‘alaba qozondi. Buni saylov komissiyasining 10 may, seshanba kuni ertalab e’lon qilingan saylov byulletenlari 90 foizdan ortig‘ini sanab chiqish natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlari tasdiqlaydi.

64 yoshli kichik Ferdinand Markos «Bongbong» deyarli 30 million ovoz oldi, bu uning eng yaqin raqibi, orol davlat vitse-prezidenti Leni Robredodan ikki baravar ko‘p. Markos bilan birgalikda vitse-prezidentlik uchun kurashni mamlakatning amaldagi prezidenti Rodrigo Dutertening qizi Sara Duterte-Karpio olib bordi, u ham raqibidan oldinda ketyapti.

Yakuniy natijalar bir necha hafta ichida e’lon qilinishi kutilmoqda. Kichik Ferdinand Markosning g‘alabasi Markos klanining quvg‘inga chiqib ketganidan 36 yil o‘tib hokimiyatga qaytishini anglatadi, o‘shanda Ferdinand Markos xalq inqilobi oqibatida hokimiyat tepasidan chetlatilgandi.

Dutertening olti yillik hukmronligidan so‘ng, inson huquqlari faollari va siyosiy tahlilchilar kichik Markos yanada avtokratik rahbar bo‘lishidan xavotir olyapti. Ko‘plab shov-shuvli xatti-harakatlari va bayonotlari bilan tanilgan Duterte o‘tgan yilning oktabr oyida siyosatdan ketishini e’lon qilgan edi. 

Mavzuga oid