Xerson urushning dastlabki davrida Rossiya armiyasi tomonidan ishg‘ol qilingandi.
Ukraina hukumati o‘tgan davr mobaynida okkupatsion hokimiyat hududda «Xerson xalq respublikasi» tashkil etish bo‘yicha referendum o‘tkazilishidan xavotir bildirib keldi.
Mamlakat prezidenti Volodimir Zelenskiy agar yangi xalq respublikasi tuzish bo‘yicha referendum haqida e’lon qilinsa, Ukraina har qanday muzokaralardan chiqishini ma’lum qilgan.
27 aprel kuni RIA Novosti Xerson oblastida yangi ma’muriyat shakllantirilgani haqida xabar berdi. Unga 2002-2021 yillarda uch bor Xerson meri va «Regionlar partiyasi»dan Ukraina Oliy radasi deputati bo‘lgan 65 yoshli Vladimir Saldo rahbarlik qilishi ma’lum qilindi.
Mahalliy aholi vakili, avvalgi ma’muriyatda ham ishlagan Kirill Stremousov esa o‘zini Saldoning o‘rinbosari sifatida e’lon qildi. «Xerson oblasti Rossiya Federatsiyasi nazoratida. Oblast va tumanlarda fuqarolik-harbiy ma’muriyatlar shakllantirilgan», degandi o‘shanda u.
Stremousov kim o‘zi?
Stremousov - mahalliy faol, Ukrainada koronavirusga qarshi emlashga qarshi harakat yetakchilaridan biri bo‘lgan, 2019 yilda Xerson gazetasi tahririyatiga ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz va travmatik qurollar bilan qilingan hujumda ishtirok etishda gumonlangan.

Xersonda mer Igor Kolixayev rahbarligidagi Ukraina ma’muriyatida ko‘p yillar ishlagan. «Maishiy va kommunal masalalar bilan shug‘ullangan, undan ortig‘iga vakolati bo‘lmagan», degan BBC bilan suhbatda avvalgi ma’muriyatda ishlagan manba. Uning so‘zlariga ko‘ra, 25 aprel kuni kechqurun binoga qurollangan shaxslar bostirib kirishgan va u yerda bo‘lgan barchani haydab chiqarib, kalitlarni olib qo‘yib, qurolli qo‘riqchilar joylashtirishgan.
So‘nggi haftalarda Kirill Stremousov Rossiya nashrlarida hudud kelajagi go‘yoki Rossiya bilan bog‘liqligi haqida muntazam bayonotlar bilan chiqmoqda.
28 aprel kuniyoq Stremousov Xerson oblasti 1 maydan rublli hududga o‘tishini ma’lum qildi. Uning g‘oyasiga ko‘ra, o‘tish davri to‘rt oygacha davom etadi va bu vaqt ichida viloyatda rubl va grivna muomalada bo‘ladi. «Keyin butunlay rublda hisob-kitob yuritamiz», degandi u.

















