Ukrainlar Xerson oblastining istilo ostidagi chap sohilida bir necha taktik platsdarmlarga ega ekani — allaqachon barchaga ma’lum fakt. Bu xabar tarqalganiga ancha vaqt bo‘lsa ham, Ukraina qurolli kuchlari rahbariyati bu haqda uzoq vaqtgacha sukut saqlab keldi.

Siyosiy rahbariyat allaqachon «Xersondagi yaxshi qadamlar» haqida e’lon qilgandi. Bu haqda dastlab 8 noyabr kuni prezident Volodimir Zelenskiy ma’lum qilgandi, 14 noyabr kuni uning ofisi rahbari Andriy Yermak to‘g‘ridan to‘g‘ri «ukrain kuchlari Dniproning chap sohilida o‘rnashgani» haqida yozdi.

Faqat 17 noyabr kuniga kelib Ukraina QK bosh shtabi Dniproning chap sohilidagi «muvaffaqiyatli harakatlar»dan maqsad — raqibni imkon qadar uzoqqa surib tashlab, o‘ng sohildagi aholining xavfsizligini ta’minlash ekani haqida bayonot berdi. Zelenskiy telegram-kanalida chap sohildagi ukrain harbiylarining suratlarini namoyish etdi.

Rossiya hukumati frontning bu uchastkasiga urg‘u qaratmayapti. Lekin RF mudofaa vazirligi ukrain harbiylarining Dniproni kechib o‘tishga urinishlarining «oldi olinayotgani» to‘g‘risida tez-tez hisobot bermoqda.

Oktyabr oyi oxirida rus nashrlari Rossiyaning ushbu yo‘nalishdagi guruhi qo‘mondoni almashtirilgani haqida xabar qilgandi. «Dnepr» guruhiga endi havo-desant qo‘shinlar boshlig‘i Mixail Teplinskiy rahbarlik qilmoqda.

Uning qarshisidagi birinchi galdagi vazifa — ukrainlarning daryoning bu tomonidagi platsdarmlarini yo‘q qilish va Kreml uchun bu yo‘nalishni xavfsiz qilish hisoblanadi.

Bu qanday platsdarmlar?

Ukrainlar Dniproni kichik o‘lchamdagi qayiqlarda kechib o‘tish uchun urinishlarini boshlaganiga bir yilcha bo‘ldi.

Tahlilchilar ukrainlarning Krinkidagi platsdarmi orqali Rossiya qo‘shinining Oleshkidan Nova Kaxovkaga boruvchi muhim yo‘lini kesib qo‘yishi mumkin deb hisoblamoqda

2022 yil noyabr oyi oxiri — dekabr oyi boshlarida, RF armiyasi o‘ng sohilni tashlab chiqqanidan keyin, ukrainlar Dniproning o‘rtasida joylashgan botqoqli orollar ustidan nazorat o‘rnatishni boshlagandi.

Bu yo‘nalishdagi faol harakatlar shu yil bahorida ham davom etdi. 6 iyun kuni Kaxovka GES to‘g‘onida ro‘y bergan portlash va Dnipro suvi hududni bosishi bunga sezilarli darajada to‘sqinlik qiladi.