Ukraina qurolli kuchlari Maxsus operatsiyalar kuchlari payshanbaga o‘tar kechasi 73-dengiz guruhi harbiy xizmatchilari halok bo‘lgani haqida xabar berdi. Z-kanallarga ko‘ra, bu harbiylar Xerson oblastining anneksiya qilingan qismidagi Tendrovskaya qumlog‘iga tushishga harakat qilgan.
Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi bayonotiga ko‘ra, jangchilar «maxsus topshiriq bajarilganidan keyin asosiy kuchlar olib ketilishini ta’minlash uchun so‘nggi jangini o‘tkazishgan». Tafsilotlar ma’lum qilinmagan, qurbonlar soni ham aniq emas.
Tendrovskaya qumlog‘i — Qora dengizda Xerson oblasti sohillariga parallel joylashgan uzun va tor shakldagi orol hisoblanadi. Rossiyalik harbiy muxbirlarning telegram-kanallarida Ukraina qurolli kuchlari ushbu qumloqni egallagan taqdirda Xerson oblastining okkupatsiya ostidagi qismini va anneksiya qilingan Qrimning shimoli-g‘arbiy qismini o‘qqa tutish imkoniyatiga ega bo‘lishini yozishgan (orolning uzunligi — 65 km atrofida).
Qumloqda qariyb 200 yil muqaddam qurilgan mayoq ham mavjud. Orol 2022 yil fevralida Rossiya qo‘shini tomonidan egallangandi.

Rossiyadagi manbalar nima demoqda?
Rossiya mudofaa vazirligi Ukraina harbiy-dengiz kuchlari maxsus operatsiya kuchlarining Xerson oblastidagi Tendrovskaya qumlog‘iga tushishga uringa diversiya guruhi hujumi qaytarilgani haqida xabar bergan.
«Qisqa muddatli jang natijasida desantchilarning to‘rtta qayig‘i yo‘q qilingan va cho‘ktirilgan, beshinchisi o‘girilib, katta tezlikda ortga qaytgan. Raqibning yo‘qotishlari 25 nafargacha. Bir harbiy xizmatchi asir olingan», — deyiladi vazirlik xabarida.
Rossiyalik harbiy muxbirlarning telegram-kanallari ham ukrain harbiylari Qora dengizdagi Tendrovskaya qumlog‘iga tushishga harakat qilgani haqida yozib, orol sohilida turgan va ichida o‘ldirilgan ukrain harbiylarining jasadlari yotgani aytilgan qayiqlar fotosuratlarini tarqatishgan.
Rybar telegram-kanali (1 milliondan ortiq obunachisi bor) sohildagi qayiqda maxsus topshiriqli bo‘linmaning to‘rt jangchisi jasadi va bir yarador harbiy topilganini ma’lum qilgan. Yarador harbiy asir olingan va so‘roq qilingan, u Maxsus operatsiyalar kuchlari 73-dengiz guruhiga mansubligi aniqlangan.
Rossiyalik boshqa bir harbiylashgan telegram-kanal, «Kanal spetsialnogo naznacheniya» (104 ming obunachiga ega), jang vaqtida maxsus operatsiyalar kuchlarining kamida olti jangchisi halok bo‘lgani, o‘ldirilganlar soni 15 nafargacha yetishi mumkinligini xabar qilgan.

















