Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi 17 mayga o‘tar kechasi Mariupolda «Azovstal» zavodidagi harbiylarni «qutqarish bo‘yicha amaliyot» o‘tkazilayotgani haqida xabar berdi. Bu bayonotga ko‘ra, og‘ir yaralangan 53 kishi Novoazovskdagi shifoxonaga yetkazilgan, yana 211 nafar harbiy xizmatchi — Olenivkaga (ikki aholi punkti ham «DXR» kuchlari nazoratida) yetkazilgan, bu yerdan ular «almashuv jarayoni» orqali Ukraina nazoratidagi hududga o‘tkaziladi.
Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Ganna Malyarning aytishicha, 53 nafar og‘ir yarador harbiy Novaazovskdagi kasalxonaga olib ketilgan. 211 nafar harbiy esa rus asirlariga almashiladi. «Mariupol himoyachilari oldiga qo‘yilgan barcha vazifa bajarildi. Asosiy vazifa ularning hayotini saqlab qolish edi. Afsuski, ayni damda «Azovstal»ni harbiy yo‘l bilan deblokada qilish imkonsiz», degan vazir o‘rinbosari.
Rossiya hukumati vakillari almashuvga tayyorlanilayotgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirmagan.
«Mariupol garnizoni oldinga qo‘yilgan jangovar vazifani ado etdi. Oliy harbiy qo‘mondonlik tomonidan «Azovstal»da bo‘lib turgan bo‘linmalar komandirlariga shaxsiy tarkibning jonini saqlab qolishga buyruq berildi. <…> «Azovstal» hududida qolayotgan himoyachilarni qutqarish bo‘yicha chora-tadbirlar davom etmoqda», — deyiladi Bosh shtab bayonotida.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tungi murojaatida «ukrain qahramonlari Ukrainaga tirik holda kerakligi» va ularning qaytishi bo‘yicha ishlar «nazokatlilik va vaqt talab etishi»ni aytdi.


Avvalroq Reuters agentligi dushanba kuni «Azovstal»dan ukrainalik harbiylar chiqarilgan o‘nlab avtobuslar chiqib ketgani haqida xabar tarqatgandi. Agentlik bu avtobuslardagi ukrain harbiylari sonini aniqlashning imkoni bo‘lmaganini qayd etgan. RT zavoddan «300 nafar atrofida jangari», jumladan 50 nafar atrofidagi yaradorlar olib chiqilganini ma’lum qilgan.


















