Vodiyning uch viloyatidagi holat bilan tanishadigan bo‘lsak, Andijonning 48 ming, Farg‘onaning 30 ming va Namanganning 11 ming ayoli migratsiyada.

Vaholanki, ayol – yangi zurriyod tarbiyachisi. Aksariyat hollarda ular o‘z farzandlarini qarindoshlariga tashlab ketishgan. Ota tarbiyasini ko‘rmay o‘sayotgan bolalar muammosi yoniga onasining bevosita mehr-e’tiboridan ayro murg‘aklar muammosi ham qo‘shilyapti.

Sabablar esa, aniqki, iqtisodiy asoslarga ega. Ishsizlik va iqtisodiy muammolar oilalardagi muhitga ta’sir qilmay qolmayapti. Biz bu borada vodiy aholisi o‘rtasida ijtimoiy so‘rov ham o‘tkazdik. Andijon, Farg‘ona va Namangan shahri ko‘chalarida yuqoridagi savollarni aholi vakillariga berganimizda odamlarning javoblari deyarli bir-biriga yaqin bo‘ldi.

Unga ko‘ra, ayollarimiz avvalo oiladagi yetishmovchilik, farzandlar uchun sharoit yaratish, munosib ish o‘rni yo‘qligi, turmush o‘rtog‘ining ro‘zg‘or yukini xotiniga tashlab qo‘ygani sabab chet elga yo‘l oladi.

Xo‘sh, qayta tashkil etilgan Xotin-qizlar qo‘mitasining hududiy rahbarlari bu borada qanday fikrda? Ayollar migratsiyasi bo‘yicha savollarimizga Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlari hokimlarining o‘rinbosarlari – hududiy Oila va xotin-qizlar boshqarmalari boshliqlari Gulnora Abdullayeva, Kamila Kavlanova va Dinara Yakubova javob berishdi.