DW xabariga köra, Novak uşbu raqamlarni 12-oktabr kuni «Vesti» teledasturida keltirgan.
Rossiya Energetika vazirligi maʼlumotlariga köra, 2026-yilning dastlabki töqqiz oyida Yevropaga 21,3 milliard dollarlik, yaʼni 19,1 milliard yevrolik energiya resurslari yetkazib berilgan.
Şu bilan birga, Novak Rossiya energiya eksportining asosiy qismi hozir Osiyo-Tinç okeani mintaqasi mamlakatlariga yönaltirilganini aytgan. Uning sözlariga köra, Rossiya dizel yonilğisi eksportini oyiga 3,5 million tonnagaça oşiriş imkoniyatiga ega.
Rossiya Ukrainaga keng kölamli hujum boşlaganidan söng YEI Rossiya energetika sektoriga qarşi qator sanksiyalar joriy etgan va uning energiya resurslaridan töliq voz keçiş yölini tanlagan.
Biroq AFP agentligi qayd etişiça, YeIning ayrim davlatlari, jumladan, Fransiya Rossiyadan energiya resurslari, xususan, suyultirilgan tabiiy gaz xarid qilişda davom etmoqda. Slovakiya va Vengriya esa sanksiyalardagi istisnolar asosida quvur orqali yetkaziladigan Rossiya neftini sotib olmoqda.
Xabarda keltirilişiça, hisob-kitoblarga Rossiya neft va gazining Hindiston yoki Turkiya kabi uçinçi mamlakatlarda qayta işlanib, keyin Yevropaga yetkazilgan qismi kiritilmagan. Uşbu davlatlar, şuningdek, Xitoy Rossiyadan xom neft xaridini sezilarli oşirgan.
11-oktabr kuni AQŞ moliya vaziri Skott Bessent yevropaliklarni «ikkiyuzlamaçilik»da ayblagan. U Yevropa Rossiyadan energiya resurslarini sotib oliş orqali Vladimir Putinni moliyalaştirişda davom etayotganini daʼvo qilgan.
Bu bayonotlar AQŞ va Rossiya örtasida dizel yonilğisi yetkazib beriş böyiça eʼlon qilingan kelişuv fonida yangragan.
Donald Tramp 9-oktabr kuni Vladimir Putin bilan telefon muloqotidan söng Rossiya dizelini «Amerika va jahon bozoriga» yetkazib berişga kelişilganini bildirgan.
Trampning bayonotiga köra, Rossiya kompaniyalari dastlab 300 ming tonnadan ortiq, noyabrda yana 500 ming tonna, şundan söng esa 1 million tonna dizel jönatişi kerak. Keyinçalik neftni qayta işlaş zavodlarining holatidan kelib çiqib, yana 3 million tonna yetkazib beriş tilga olingan, ammo bu hajm uçun aniq muddat körsatilmagan.
Xabarga köra, AQŞ Moliya vazirligi Rossiya dizeliga nisbatan Amerika sanksiyalarini 2027-yil apreligaça vaqtinça töxtatuvçi boş litsenziya çiqargan.












