
Paderborn shahri politsiyasi bu hududda tornado yuzaga kelib, binolar tomini uchirib yuborgani va bir necha kilometrlik masofalarga uloqtirib yuborganini xabar qilgan. 10 kishi jiddiy tan jarohatlari olgan, bir ayol og‘ir ahvolda qolmoqda.
Regionda kuchli to‘fon juma kuni boshlangan va 38 yoshli kishi o‘limiga sabab bo‘lgan. Mahalliy nashrlar politsiyaga asoslanib xabar berishicha, Paderborndan 180 km janubi-g‘arbda joylashgan Vittgert shahrida yashovchi bu erkak suv bilan to‘lgan uy yerto‘lasida tok urishi oqibatida halok bo‘lgan.
150 ming aholi yashovchi Paderborn shahri tabiiy ofatning asosiy kuchini o‘ziga qabul qilgan.
Paderbornda olingan va ijtimoiy tarmoqqa joylangan videolarda tornado ustuni ko‘chalar bo‘ylab o‘tayotgani va vayronkorlik keltirayotganini ko‘rish mumkin.
Politsiya tomonidan e’lon qilingan fotosuratlarda sinib qulagan daraxtlar va tomsiz qolgan uylarni ko‘rish mumkin.
«Metall listlari, g‘iloflar va boshqa materiallar kilometrlab masofalarga sochilib ketgan. Son-sanoqsiz uylarning tomlari yerga uchib tushgan yoki jiddiy shikastlangan. Ko‘plab daraxtlar mashinalar ustiga yiqilgan», deya xabar beradi Paderborn politsiyasi.


Paderborndan 30 km masofada joylashgan Lippshtadt shahri ham tornadodan jiddiy zarar ko‘rgan. Hudud o‘t o‘chirish xizmati vakili ma’lumotiga ko‘ra, bu yerda tabiiy ofat vaqtida jarohat olganlar qayd etilmagan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlarda Hellinghauzendagi cherkov binosi gumbazi qulab tushganini ko‘rish mumkin.

















