O‘zbekiston | 07:32 / 31.05.2022
34712
3 daqiqa o‘qiladi

Sinoptiklar iyun oyida ob-havo qanday bo‘lishi to‘g‘risida ma’lumot berdi

“O‘zgidromet” tomonidan tuzilgan dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu yilning iyun oyi o‘rtacha issiq bo‘ladi.

Foto: Kun.uz

Iyun oyida o‘rtacha oylik harorat me’yor atrofida, respublika shimoli bo‘yicha ba’zi joylarda asosan me’yordan 1-2 darajaga yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Oy davomida respublikaning markaziy va sharqiy hududlarida kunduz kungi harorat 29-32 daraja issiqdan 36-39 daraja issiqqacha o‘zgarib turishi kutilmoqda. Respublikaning shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida eng issiq davrlarda havo harorati 40-42 daraja issiqqacha ko‘tariladi.

Qayd etilishicha, 2019 yil iyun oyi Toshkentda havo harorati deyarli oy davomida 29-34 daraja issiq atrofida bo‘lgan va faqat oyning eng oxirida 35-37 daraja issiqqacha ko‘tarilgan.

2020 yil iyun oyi uncha issiq bo‘lmagan. Masalan, Toshkentda havo harorati faqat bir marta 40 darajaga yetgan.

2021 yil iyun oyi anomal issiq bo‘ldi. Aksariyat viloyatlarda o‘tgan yil iyun oyi O‘zbekistonda meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng issiq, ba’zi joylarda esa juda issiq bo‘ldi. Respublika ayrim hududlarida barcha meteorologik kuzatuvlar qatorlari bo‘yicha iyun oyi uchun maksimal havo harorati rekordlari o‘rnatildi.

Ushbu yilning iyun oyida yog‘ingarchilik me’yordan kam, markaziy va sharqiy hududlarda ba’zi joylarda me’yor atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Bildirilishicha, O‘zbekistonda iyun oyida ba’zan mahalliy xususiyatga ega jadalligi biroz bo‘lgan qisqa muddatli yomg‘irlar yog‘adi. 2019 yil iyun oyi boshida Toshkentda do‘l bilan juda kuchli yomg‘ir yog‘gan. Turli hududlarda 2-3 soat ichida 20 mm.dan 50 mm.gacha yog‘ingarchilik bo‘lgan, bu iyun oyining oylik me’yoridan nisbatan ko‘p.

Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida iyun oyida kuchli jala yomg‘irlar yog‘ishi eng xavfli deb hisoblanadi, chunki ular sel va suv toshqinlari o‘tishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Keyinchalik, yozning oxirigacha o‘rtacha harorat me’yor atrofida va me’yordan deyarli yuqori bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Yoz anomal issiq bo‘lmaydi, lekin juda issiq ob-havo davrlari istisno qilinmaydi.

Mavzuga oid