Avvalroq Kun.uz saytida Asaka tumanida noma’lum maxluq yuzdan ortiq qo‘yni bo‘g‘izlab ketgani, yirtqich odamlarga ham hujum qilgani haqida maqola e’lon qilingan edi. Xuddi shunday holat sabab, mana necha kundirki xonqizliklarning halovati yo‘qolgan. Tunda xonadonlardagi qo‘ralarga o‘ralagan noma’lum yirtqichlar qo‘y va parrandalarni bo‘g‘izlab ketmoqda. Qishloq ahli sarosimada. Asosiy daromadi chorvachilik bo‘lgan xonqizliklar holatdan vahimaga tushib qolgan. Chorvaning chalajon qilib ketilishi bilan bog‘liq ilk holat shu yil 23 may sanasida qayd qilingani aytildi. 

Qishloqning Soybo‘yi ko‘chasida istiqomat qiluvchi Meliqo‘zi aka Eshonxonov asrab-avaylashiga qaramay, yirtqichlar 6 bosh qo‘yini bir kechada bo‘g‘izlab ketgan. 

Meliqo‘zi Eshonxonov 

«Payshanbadan jumaga o‘tar kechasi shuncha avaylashimga qaramasdan maxluq kelib 6 ta qo‘yimni shu yerda bo‘g‘izladi. Bittasini olib chiqib bir chekkaga olib borib yegan.

Qurbonlik qilib, el-u xalqqa yegizaman, degan maqsadim bor edi. Qo‘ylardan birini nabiramning to‘yi uchun boqayotgandim. Yaxshi niyat bilan boqayotgan jonivorlarimni bir kechada “pachoq” qilib chiqib ketdi. 

O‘sha voqeadan keyin necha kun o‘tgan bo‘lsa noma’lum yirtqich hali u yoqda hali bu yoqda odamlarning qo‘yini nobud qilib ketyapti.

Mahalla oqsoqoliman. Xonadonlarda mana shunday holat deyarli har kuni takrorlanyapti. Uchramagan rahbarim qolmadi. Vaziyatni tushuntiray desam “kattalar” telefonimni ko‘tarmaydi. Tadbirkorlikni endigina boshlagan Abduhalil ismli mahalladoshimning kuni kecha tovuqxonasini pachoqlab buzib, parrandalarni o‘ldirib yeb ketdi. Nima qilishni ham bilmay qoldik. Odamlarning tinchini buzayotgan yirtqichni ushlasa bo‘ladi-ku. Holat shunday takrorlanaversa biz qolib, qo‘shni mahalla xonadonlarini ham xonavayron qiladi-ku, bu yirtqichlar.