Naked Science xabariga koʻra, yangi liniya Shandun provinsiyasining Yantay va Veyxay hududlarida ishlab chiqariladigan elektr energiyasini boshqa hududlarga yetkazishga moʻljallangan.
Liniyaning bir zanjir hisobidagi ekvivalent uzunligi 1197 kilometrni tashkil etadi. U Yantay, Sindao, Jichjao, Veyfan va Lini shaharlari hududidan oʻtadi.
Loyiha doirasida 1000 kilovolt, yaʼni bir million volt kuchlanishli yangi taqsimlash podstansiyasi qurilgan va shu toifadagi ikkita mavjud podstansiya kengaytirilgan.
Shuningdek, 2124 ta elektr uzatish tayanchi oʻrnatilgan. Ularning 822 tasi tepalik va togʻli hududlarda, yana 17 tasi esa dengiz akvatoriyasida joylashgan.
Shandun Xitoyning eng koʻp energiya isteʼmol qiluvchi provinsiyalaridan biri hisoblanadi. 2026-yil sentabr oyi yakuniga kelib, bu yerda qazilma yoqilgʻilardan foydalanmaydigan energetika obyektlarining oʻrnatilgan quvvati 147 million kilovattga yetgan. Shamol va quyosh energetikasi hissasiga 132 million kilovatt - provinsiya elektr stansiyalari umumiy oʻrnatilgan quvvatining yarmidan koʻpi toʻgʻri kelgan.
Yantay - Veyxay yarimorolida Shandun atom energetikasining katta qismi jamlangan. Hudud elektr energiyasini asosan tashqaridan qabul qiluvchi mintaqadan uni boshqa joylarga yetkazib beruvchi yirik markazga aylanib bormoqda.
Yangi liniya mavjud tarmoqqa ulanib, «sakkiz» raqamiga oʻxshash ikkita halqadan iborat tizimni hosil qilgan. Bu Xitoydagi shunday tuzilishga ega birinchi mintaqaviy oʻta yuqori kuchlanishli tarmoq hisoblanadi.
Halqalar bir-biri uchun zaxira vazifasini bajarishi mumkin. Bu elektr uzatish imkoniyatini kengaytirib, tizimda nosozliklar yuz berganda tarmoqning barqarorligini oshiradi.
Loyiha Xitoyda bir vaqtning oʻzida togʻli hudud va dengiz akvatoriyasi orqali qurilgan birinchi oʻta yuqori kuchlanishli liniya ekani bilan ham ajralib turadi. Faol qurilish davri 12 oyni tashkil etgan - bu mamlakatdagi shu toifa va oʻxshash koʻlamdagi oʻzgaruvchan tok uzatish loyihalari uchun eng qisqa muddat sifatida qayd etilgan.
Xayyan-Si taqsimlash podstansiyasi esa «bir maydonda ikkita stansiya» tamoyili asosida qurilgan. Kelgusida undan 1000 kilovolt kuchlanishli 12 ta chiquvchi liniya tashkil etish rejalashtirilgan.















