7 iyun kuni Merkel xonim tomoshabinlar ishtirokida nemis jurnalisti va yozuvchisi Aleksandr Osang bilan o‘tkazilgan intervyuda Rossiyaning Qrimni annexia qilgandagi reaksiyasi uchun ham (o‘shanda u Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlagandi), Ukrainaning NATOga kirishiga qarshi chiqqani uchun ham (u buni vaqtli deb hisoblagandi) uzr so‘rashiga hojat yo‘qligini aytdi.
Rossiyaning bosqinidan keyin ko‘pchilik, shu jumladan Ukraina rasmiylari ham u kansler bo‘lganida Vladimir Putinni «tinchlantirish» bilan shug‘ullangani va Ukrainaning NATOga kiritilishi haqidagi quruq va’dalar vaziyatni faqat yomonlashtirganini aytgandi.
Ukraina asr boshidayoq «NATOga a’zo bo‘lish bo‘yicha harakatlar rejasi»ga qo‘shilishni so‘ragan, ammo 2008 yilda alyansning Buxarestdagi sammitida Germaniya va Fransiyaning pozitsiyasi tufayli rad javobini olgandi.
Shu pozitsiya tufayli Volodimir Zelenskiy aprel oyida Angela Merkel va Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozini noto‘g‘ri hisob-kitob qilishda ayblagan va natijada Rossiyada Ukraina o‘z ta’siri doirasida qolishi borasida ishonch mustahkamlanganini aytgandi.
Seshanba kuni sobiq kansler bir yarim soatlik intervyusida Putin o‘shanda bu borada nimani o‘ylaganini anglagani va uni provokatsiya qilishni istamaganini aytgan.
«Putin bunga yo‘l qo‘ymasligiga ishonchim komil edi. U buni urush e’lon qilish sifatida qabul qilgan bo‘lardi. Men uning G‘arb dushman ekani, uni doim pastga urishlari haqidagi taassurotlariga qo‘shilmayman. Ammo u shunday deb o‘ylashini bilardim va uni provokatsiya qilishni xohlamasdim», – deya tan olgan Merkel.

Angela Merkel o‘sha yillarda Ukraina NATOga qo‘shilishga tayyor bo‘lmagani, chunki bu davlatda o‘shanda barqaror demokratiya bo‘lmagani va oligarxlar tomonidan boshqarilgani haqida gapirdi.
«Shu tufayli biz ayta olmasdik: okey, ertaga NATOga qabul qilamiz. Ukraina biz hozir bilgan mamlakat emasdi. Bu juda parchalangan Ukraina bo‘lgan... hatto ikki islohotchi kuchlar - Timoshenko va Yushchenko o‘rtasida kelishmovchilik bo‘lgan. Bu shuni anglatadiki, mamlakat barqaror demokratiyaga ega emasdi. Mamlakatni NATOga kirgizayotganingda, ular hujum yuz bergan taqdirda o‘z mamlakatini himoya qilishga tayyormi-yo‘qmi – bilishing kerak», – deya izohlagan Merkel.


















