Senat xabariga ko‘ra, muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlik aloqalari, BMTning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish doirasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar, parlamentlararo hamkorlik, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ular ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, davlat va jamiyat hayotidagi ishtirokini yanada faollashtirish hamda yana bir qator muhim masalalar muhokama qilindi.

Foto: Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati

Muloqot avvalida Senat raisi mehmonni qutlab, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yaxshi qo‘shnichilik aloqalari, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash doirasida yaratilayotgan shart-sharoitlar, inson huquqlarini himoya qilish, odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish, qonunchilikni takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar va natijalar bilan tanishtirdi.

Muloqot jarayonida 2021 yilning 23-24 iyun kunlari Buxoro shahrida barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazilganiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Foto: Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati

Amina Muhammad so‘nggi yillarda O‘zbekistonda yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarga to‘xtalib, ushbu holatlar xalqaro doirada keng e’tirof etilayotganini aytib o‘tdi. Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida yetakchi sifatida faol ish olib borayotganini alohida qayd etib o‘tdi.

Shundan so‘ng tomonlar amalga oshirilgan ishlar bilan birga, kelgusidagi rejalarni ham muhokama qildi.