Davlat organlari faoliyati ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni belgilashni nazarda tutuvchi qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi xabar berdi.
Agentlik tomonidan “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 215-7-modda bilan to‘ldirilib, unda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, ochiq ma’lumot sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxatiga kiritilgan ma’lumotlarni:
- e’lon qilmaslik;
- to‘liq e’lon qilmaslik;
- e’lon qilish muddati va tartibini buzish;
- ma’lumotlarni noto‘g‘ri ko‘rsatganlik kabi huquqbuzarlik uchun mansabdor shaxslarga 900 ming so‘mdan 1,5 mln so‘mgacha miqdorda jarima, xuddi shunday huquqbuzarlik 1 yil davomida takroran sodir etilganda 1,5 mln so‘mdan 3 mln so‘mgacha miqdorda jarima belgilanmoqda.
Ushbu toifadagi huquqbuzarlik yuzasidan bayonnoma rasmiylashtirish Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan amalga oshiriladi va ko‘rib chiqish uchun sudga yuboriladi.
Qonun bugun Senatda ko‘rib chiqildi hamda ma’qullandi. Qonun loyihasi prezident tomonidan imzolanganidan so‘ng kuchga kiradi.
Mavzuga oid
10:40 / 06.11.2024
Psixologik yordam ko‘rsatish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilandi
13:38 / 23.10.2024
Yerdan foydalanish haqidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi
07:50 / 09.10.2024
Qasddan badanga yengil shikast yetkazganlik uchun javobgarlik yengillashtirildi
12:29 / 21.09.2024