Jahon | 08:06 / 17.06.2022
15449
3 daqiqa o‘qiladi

Emmanuel Makron Moskvada Putin bilan uchrashishi mumkinligini istisno etmadi 

Fransiya prezidenti Putin bilan Moskvada «ma’lum shartlar ostida» va «faqat mantiqiy bo‘lgan taqdirdagina» uchrashishi mumkinligini istisno etmadi.

Foto: Picture Alliance

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muayyan shartlar ostida Moskvada uchrashishi mumkinligini istisno etmadi. Bunday tashrif faqat Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiyga nisbatan «to‘liq shaffoflik» sharti bilan amalga oshirilishi mumkin, deya Makrondan iqtibos keltirgan Dpa agentligi. 

«O‘ylashimcha, bugun Rossiyaga safar qilish uchun zarur shartlar, ya’ni prezident Putinning harakatlari bo‘lishi kerak, men u yerga shunchaki bormayman», dedi Makron Kiyevga tashrifi chog‘ida TF1 telekanaliga bergan intervyusida. Makronning so‘zlariga ko‘ra, u Putin bilan gumanitar masalalarni, harbiy asirlarni himoya qilish yoki oziq-ovqat xavfsizligini muhokama qilishga tayyor. «Shuning uchun men hech narsani istisno qilmayapman, lekin buni Ukraina prezidentiga nisbatan ochiq qilaman. Bu mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi», dedi Makron. 

«Biz boshdan kechirayotgan global oziq-ovqat inqirozi Rossiyaning Ukrainaga qarshi olib borayotgan urushining bevosita natijasidir. Biz Rossiyani BMTga Ukraina portlarini blokadadan chiqarish orqali don eksportini tashkil qilishga ruxsat berishga chaqiramiz», deb yozdi Makron keyinroq. 

Ukrainadan Rossiyaga ehtimoliy hududiy yon bosish haqida so‘ralganda, Makron buni faqat Ukrainaning o‘zi hal qilishi kerakligini aytdi. «Menimcha, bugungi kunda qadriyatlarimiz, xalqaro huquq va Ukrainani himoya qilish bizning burchimizdir. Lekin ukrainaliklar uchun bu urushni tugatish shartlarini hal qilish bizning vazifamiz emas», - dedi Fransiya prezidenti. 

«Qaysidir nuqtada, bu yo harbiy g‘alaba bilan, yoki ochiq muzokaralar bilan yakunlanishi kerak», - dedi u. Ehtimoliy yon bosish yoki murosaga borish bo‘yicha barcha qarorlarni faqat mamlakat rasmiylari qabul qilishi mumkin, dedi Makron. 

«Fransiya birinchi kundan beri Ukraina bilan birga. Biz hech qanday ikki xil pozitsiyaga ega emasmiz», - deya jurnalistlarning Ukrainada qattiq tanqid qilingan - «Putinni kamsitmaslik» haqidagi avvalgi chaqirig‘i haqidagi savoliga Fransiya rahbari javob berdi. 

Emmanuel Makron Germaniya kansleri Olaf Shols, Italiya bosh vaziri Mario Dragi va Ruminiya prezidenti Klaus Yoxannis bilan birgalikda safari chog‘ida Ukrainaning Yevropa ittifoqiga nomzod maqomi uchun arizasi ma’qullanishini ham bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid